Onlayn ta’lim tugamas ekan, nega davomat talab qilinyapti?
Savol: Xalq ta’limi vazirligi buyrug‘ida “ota-onalarga ixtiyoriy tarzda farzandini onlayn o‘qitishiga imkoniyat beriladi”, deb belgilandi. Ammo maktablarda direktor va uning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari va sinf rahbarlariga davomat bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berilyapti. Bu holat ota-onalar va maktab o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqaryapti.
Aytaylik, ota-ona farzandini onlayn ta’limda o‘qiydi deb, bozor yoki boshqa yerda ishlatsa, maktab ma’muriyati yoki o‘qituvchi surishtirganida uyda ta’lim olyapti deb ko‘rsatadi. Ammo o‘sha o‘quvchi IIB yoki prokuratura reydiga tushsa, maktab birinchilardan bo‘lib aybdor sanaladi. Savolim quyidagicha: onlayn ta’lim davom etayotgan vaqtda maktabda o‘qituvchilardan davomat talab qilinishi to‘g‘rimi? Onlayn ta’lim olayotgan o‘quvchi ota-ona tomonidan ishlashga jalb qilinayotgan bo‘lsa, bunga maktab aybdor sanaladimi?
Asrorbek BOTIROV, Denov tumanidagi 8-maktab o‘qituvchi
Javob: III chorakdan barcha maktablarda o‘quv jarayonlari to‘liq an’anaviy shaklga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab tushunmovchilik va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Aytish joizki, mamlakatimizda maktablar 2020-yil sentabr oyidan sanitar-epidemiologik talablarga javob bergan holda bosqichma-bosqich faoliyatini tikladi. Qishki ta’tildan avval respublika o‘quvchilarining 90 foizi an’anaviy ta’limga qaytdi. Qolgan 10 foiz o‘quvchilarning kelajagiga befarq bo‘lmay, ularni ham maktab ta’limiga bevosita qamrab olish maqsad qilingan edi.
Xalq ta’limi vazirligi xavotirga o‘rin yo‘q ekanligini, uyida kasallik tarqalishiga xavotir katta bo‘lgan, keksa odamlari bor hamda surunkali xastaligi bo‘lgan o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun parallel ravishda “Onlayn-maktab” loyihasi ham davom ettirilishini ma’lum qildi.
O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda ularga karantin davrida o‘qituvchilari va tengdoshlari bilan o‘zaro bevosita muloqot yetishmagani aniqlandi. Maktabga bormayotgan o‘quvchilar esa afsuski, ana shunday imkoniyatdan mahrum bo‘lib qolmoqda. Bola uchun do‘stlari bilan doimiy muloqotda bo‘lish va ular bilan bir jamoa bo‘lib ta’lim olish juda muhim, hech qanday eng zamonaviy texnologiya aynan shu muhitni bola uchun ta’minlab berolmaydi.
Shuningdek, ota-ona farzandining onlayn ta’lim olishini tanlagan ekan, ammo savolda ko‘rsatilganidek, o‘quvchining ta’lim olish vaqtini joiz bo‘lmagan boshqa ishlarga sarflagan holatda, IIB reydlariga tushganida, javobgarlik faqat ota-ona zimmasiga tushadi. Shu o‘rinda farzandini maktabga yubormaydigan ota-onalardan, ularning vaqtini besamar o‘tkazmasliklari hamda uyda ta’lim olishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib, ularni to‘liq nazoratga olishlarini so‘rab qolamiz.
Savolga Xalq ta ’ limi vazirligi mutaxassisi javob berdi .