Rahbar onlayn malaka oshirishda bo‘lsa...
Savol: Pandemiya sharoitida ta’lim tizimida darslar onlayn tarzda olib borildi. Jumladan 2020-2021-o‘quv yilining sentabr oyida maktabimiz direktori va uning o‘rinbosari malaka oshirish o‘qishida bo‘lishdi. Malaka oshirish mashg‘ulotlari onlayn tarzda olib borilgan. Ammo direktor va uning o‘rinbosari ham malaka oshirish davrida maktabda o‘z vazifalarini davom ettirib kelishdi. Shu yilning dekabr oyida ham mazkur maktabning besh nafar o‘qituvchisi ham onlayn malaka oshirish kurslarida qatnashib turib, bir vaqtning o‘zida maktabda ishlayverishdi.
Bunday holat boshqa o‘qituvchilarda savollar tug‘dirmoqda. Ya’ni, malaka oshirish darslari onlayn tarzda bo‘lsa, pedagog xodimlar o‘z ishlarini davom ettirsalar bo‘ladimi va ularga ishlagan kunlariga haq yoziladimi?
Rahmatilla MENGIROV, Qashqaradyo viloyati
Javob: Onlayn malaka oshirish vaqtida pedagog ishini parallel ravishda olib borishi mumkin emas. Chunki u bu vaqtda malakasini oshirishi kerak bo‘ladi. Ammo pedagog onlayn malaka oshirish mobaynida maktabda yuklamalarini bajarishi mumkin. Shu jumladan, direktor va uning o‘rinbosari ham onlayn bo‘lmagan soatlarda maktab boshqaruviga oid ishlarini yuritishlari mumkin. Faqat darslar bo‘layotgan bir vaqtda maktabda dars o‘tishi mumkin emas.
2020-yil 30-dekabrda Xalq ta’limi vazirining 337-sonli buyrug‘i chiqdi. Unga ko‘ra, 2021-yilning yanvar oyidan boshlab karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari an’anaviy tarzda davom etadi.
Savolga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi mutaxassisi javob berdi.