Olis hududga borib dars beraman, mening imtiyozlarim qanday?
Savol: Pedagogik faoliyatimni olis hududdagi ta’lim maskanida boshlaganman. 2018-yildan buyon Qarshi shahridan Chiroqchi tumaniga qatnab ishlab kelaman. Prezidentimizning “Olis hududlardagi budjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori men kabi pedagoglarni xursand qildi. Mazkur qarorning mohiyatini yanada chuqurroq anglash maqsadida ayrim savollar bilan yuzlanyapman. Belgilangan ustama uchun pedagoglarning necha yillik ish tajribasi bo‘lishi kerak? Qolaversa, men kabi oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar uchun kompensatsiya to‘lovlari qanday?
Dildora ELMURODOVA, Chiroqchi tumanidagi 149-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi “Olis hududlardagi budjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq olis hududga borib ishlovchi xodimlarga bir martalik kompensatsiya to‘lovlari va har oylik ustamalar miqdori ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu Qarorga ko‘ra, olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik(ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi beriladi. Shuningdek, olis va chekka hudud deganda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qarori bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga maxsus ustama belgilanadigan hududlar tushunilishi, har oylik kompensatsiya oliy ma’lumotli mutaxassis ishga qabul qilingan oydan boshlab 36 oy mobaynida to‘lanishi hamda xodim ushbu joydan shaxsiy uy-joyga ega bo‘lganda, unga xizmat turar joyi berilganda yoki u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganda pul kompensatsiyasini to‘lash to‘xtatilishi belgilangan.
Shu bilan birga, 2021-yil 1-martdan boshlab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilangan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga:
• bir ma’muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
• boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz ustamalar to‘lanadi.
Bunda ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududda kamida bir yil ishlagan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglar jalb qilinadi. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, oliy ma’lumotli mutaxassis olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlarida, jumladan, umumta’lim maktablarida, oliy ma’lumotli mutaxassisga bo‘lgan ehtiyoj bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va (yoki) viloyat hokimligining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan ma’lumotga asosan budjet tashkilotini tanlagan holda ishga kirish yuzasidan murojaat qiladi hamda ular o‘rtasida imtiyozlardan foydalanish bo‘yicha tegishli shartnoma imzolanib, oliy ma’lumotli mutaxassis talab etilayotgan budjet tashkilotiga ishga joylashish bo‘yicha tavsiyanoma yuboriladi (murojaat kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kunida). Budjet tashkiloti, jumladan umumta’lim maktabi, ushbu tavsiyanomaga asosan mutaxassisni ishga qabul qilish, boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash to‘g‘risida ikki ish kunida rahbarning buyrug‘ini chiqaradi hamda ushbu maqsadlar uchun buyruq qabul qilingan kundan boshlab ikki ish kunida(agar mablag‘lar yetishmovchiligi yuzaga kelganda mablag‘lar ajratilgandan so‘ng uch ish kunida) boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasini to‘lab beradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-sonli qaroriga asosan olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga ish stajidan kelib chiqib 50 foizgacha (6 oydan 3 yilgacha 10 foiz, 3–5 yilgacha 20 foiz, 5–10 yilgacha 30 foiz, 10–15 yilgacha 40 foiz, 15 yildan ortiq 50 foiz) ustamalar belgilanadi.
Savolga Xalq ta’limi vazirligi mutaxassisi javob berdi.