IS GAZIDAN SAQLANING!
Bilamizki, metan gazning 1 metr kubini yoqish uchun 9,5 m 3 havo kerak bo‘ladi. Gaz asbobi surunkali ishlatilganda u o‘rnatilgan xonani eshik va derazalarining zich yopilishida metan gazining yonishi uchun kerak bo‘ladigan havo miqdori kamayib ketadi. Oqibatda metan gazining to‘liq yonmasligi natijasida is gazi hosil bo‘ladi. Is gazi inson organizmining nafas yo‘llari va nafas a'zolariga kuchli ta'sir qiladi. Is gazi nafas yo‘llari orqali organizmni, xususan, markaziy nerv tizimini zararlaydi.
Is gazidan zaharlanish darajasi uning havodagi miqdori va ta'sir muddatiga bog‘liq bo‘ladi.
yengil darajadagi zaharlanishda – bosh qattiq og‘riydi, aylanadi, quloqlar shang‘illaydi, ko‘ngil ayniydi, ba'zan qusish, hushdan ketish kuzatiladi.
?rtacha darajadagi zaharlanishda - mushaklar kuchsizlanadi, nafas siqiladi, puls tezlashadi, arterial qon bosimi pasayadi, ko‘ngil ayniydi va qusiladi, aql xiralashadi, ba'zan odam uyquchan bo‘ladi. Yuzda qirmizi dog‘lar paydo bo‘ladi.
Og‘ir darajada zaharlanishda - odam batamom hushidan ketadi. Oyoqlar ko‘karib yoki oqarib, yuzda qirmizi dog‘lar paydo bo‘ladi. Puls tezlashadi, arterial qon bosimi keskin pasayadi, nafas olish sekinlashadi va chuqurlashadi, mushaklar bo‘shashadi, nafas to‘xtaydi va odam hayotdan ko‘z yumadi.
Is gazidan zaharlanish holatlariga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:
- tabiiy gazning to‘liq yonmasligi oqibatida hosil bo‘ladigan is gazining salbiy ta'siri;
- xonadonlarni isitish tizimlariga tabiiy gazning ulanishida me'yoriy talablarga rioya qilinmaganligi;
- tabiiy gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligi;
- isitish uchun mo‘ljallangan pechkalar hamda mo‘rilarning soz holatda emasligi, yaxshi tozalanmaganligi va o‘z vaqtida tekshiruvdan o‘tkazilmaganligi.
Murod YULDOSHEV, Turkiston san’at saroyi YXTTEB mutaxassisi, katta serjant.