Shifokorning himmаti
Yaqinda Qamashi tumanidagi 23- umumtaʼlim maktabda, shu dargohning sobiq bitiruvchisi, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Zayniddin Eshonquov "Besh tashabbus" doirasida o‘quvchilar bilan suhbat o‘tkazdi. Darvoqe, Zayniddin Gʼishtli qishlog‘ida, ziyoli oilada tavallud topdi. Otasi Shukur aka – tibbiyot xodimi, onasi Zulayho opa – muallima edi. Oilaning kichik farzandi Zayniddin maktabni aʼlo baholarga tugatib, Toshkent tibbiyot akademiyasiga qarashli 2- litseyida tahsil olgach, tibbiyot oliygohi talabasi bo‘ldi.
Hash-pash deguncha talabalikning serzavq va tashvishli yillari ham ortda qoldi. Tahsilni muvaffaqiyatli tugatgan yosh shifokor Jonbo‘zsoy va Gʼishtli qishloq shifoxonalarida bir necha yil shifokor va shifoxona boshlig‘i lavozimlarida ishladi.
Keyin esa Qamashi tumani tibbiyot birlashmasida kardiolog vrach va reablitatsiya bo‘limi boshlig‘i, 2018- yildan Qamashi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda. Shifokor o‘zi taʼlim va tarbiya olgan jonajon maktabida "Yosh kitobxonlar ", "Muyqalam sehri", " Yosh kimyogarlar", "Sheʼriyat shaydolari" ,"Yosh notiqlar" kabi to‘garak aʼzolari, maktab o‘quvchilari bilan samimiy va dildan suhbat o‘tkazdi. " Sheʼriyat shaydolari" to‘garagi aʼzolari esa o‘zlari yozgan ijod namunalaridan o‘qib berdilar.
Zayniddin Eshonqulov bu tadbirda to‘garaklarning faol aʼzolariga, aʼlochi va jamoatchi 20 nafar aʼlochi o‘quvchilarga 100 000 so‘mdan " Zayniddin Shukurovich " stipendiyasi, yana 40 dan ziyod faol o‘quvchilarga esa 130 dan ortiq yangi kitoblar to‘plamini taqdim yetdi.
Shu o‘rinda ozgina mushohada qilsak. Yon atrofimizda tadbirkorlar, fermerlar, ishbilarmonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. А fsuski, ularning ko‘pchiligi o‘zlari tahsil olgan maktab yonidan mashinalarida g‘izillab o‘tib ketishdi-yu, biroq bir bora kirib o‘tishni o‘zlariga ep ko‘rishishmaydi. Mayli, nima bo‘lsa ham elimizda ilmsevarlar va maʼrifatni qadrlaydiganlar ko‘payaversin.
Nasiba SAIDOVA,
Qamashi tumanidagi 23-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi, ijodiy ishlar targ‘ibotchisi.