Bobomning bayrami
Yurtimizga xizmat qilayotgan barcha soha vakillarining kasb bayrami bor va ularni keng miqyosda nishonlaymiz. Ammo bayramlar orasida men eng ko‘p kutadiganim 9-may — Xotira va qadrlash kuni. Nega deysizmi? Chunki bu kun bobomning bayrami.
Bobom Ikkinchi jahon urushida qatnashib, ko‘ksi to‘la ordenlar bilan qaytgan. To‘g‘ri, o‘sha paytlarda men dunyoga kelmaganman, bobomning jasoratlarini ko‘rmaganman. Ammo bobom hanuzgacha bizga o‘sha kunlarida bo‘lgan voqealarni hikoya qilib beradi. Bobomning hikoyalarini eshitish maroqli va qiziqarli bo‘lish bilan birga achinarli hamdir. Negadir ko‘zlarimdan duvillab yosh quyilib ketaveradi.
— Bir burda non yeyish uchun tong sahardan navbatda turardik. Olib kelingan bir bo‘lka non to‘qqiz kishiga qanchadan ham tegardi. Men oilada eng kichik bo‘lganim uchun akalarim ulushlarini menga ilinishardi, — dedi bobom.
— Bobojon, urushga borganingizni aytib bering. Avtomat bilan dushmanlarni otganmisiz? — deya bidirlagancha savolga tutadi ukam.
— Urush boshlanganida uch akam va otamni frontga olib ketishdi. Ulardan qoraxat kelgan kun hech esimdan chiqmaydi. Onam mendan yashirincha rosa yig‘lagan. Keyin rais uyimizga kelib, onamni dalaga chiqarib ketgan. Men o‘n olti yoshga to‘lganimdan keyin urushga otlandim. Onam rozi bo‘lmay, oyoqlarimni quchoqlagancha izillab yig‘ladi. Lekin men frontga borsam, akalarimni olib kelishimni aytib, jo‘nab ketdim. Afsuski, ularni topolmadim. O‘zim esa yarador bo‘ldim. Gospitalda o‘ng oyog‘imni kesishdi. Mayli, shunisigayam shukr, deb qishlog‘imga qaytdim. Onam bechora kelgunimcha olamdan o‘tibdi. Bizning dardimizga chiday olmagan-da, sho‘rlik. Hayhotdek hovlida bir o‘zim qoldim.
Bobomning hikoyalari uzundan uzoq. Hali qarasang, urushdagi og‘aynisi Vadimni gapirib bersa, ba’zida qozoq do‘sti Xudoyberganni ko‘z oldida qanday otib tashlashganini ko‘zlarida yosh bilan so‘zlaydi.
— Bobojon, yaxshiyam, siz o‘sha urushdan qaytib kelibsiz. Mana endi 9-may sizning bayramingiz bo‘ldi, deyman mahkam quchib.
Bobom mamnun bosh irg‘ab qo‘yadi. Ammo ma’yusgina ko‘zlarining tub-tubida o‘tmishning qayg‘uli kechinmalari o‘z izini qoldirganini ko‘rib, yuragim ezilib ketadi.
Men 9-may — Xotira va qadrlash kunini nega yaxshi ko‘rishimni endi anglagandirsiz? Chunki bu kunda bobom va uning yuzlab do‘stlari vataniga, oilasi bag‘riga qaytgan. Garchi uning akalari, otasi qaytmagan bo‘lsa-da, bobom kabi jasur o‘g‘lonlar bizni himoya qilishda davom etish uchun qaytishdi. Bizga bugunning qadriga yetish, o‘sha alamli kunlarni eslatish uchun qaytishdi.
Ziyoda ADHAMOVA,
Qibray tumanidagi 17-maktabning 5-sinf o‘quvchisi