“Unutmoq osonmas bizlarni”
Bahriddin Muranov Oqtov etaklariga tutashgan Qo‘rlisoy farzandi. Bolaligining sirli dunyosi ana shu kenglikda o‘tgan. Undagi tirishqoqlik, kamtarlik aslida tomirida bo‘lgan. Umrining 90 bahorini qarshilayotgan Izo ota hamda farzandlarining yaxshi kunlarini ko‘rish armon bo‘lgan Nasibali ona dunyoqarashining kengligi, xalq pedagogikasidan yetarlicha xabardorligi farzandlari, jumladan, Bahriddinning ham yetuk inson bo‘lishida muhim omil bo‘ldi.
Bahriddin 1974-yili Ishtixon tumanidagi 50-maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, 1976-yili Samarqand davlat pedagogika institutining “Umumtexnika fanlari va mehnat ta’limi” yo‘nalishiga o‘qishga kirib, uni imtiyozli diplom bilan tamomladi. Mehnat faoliyatini Qo‘shrabot tumanidagi 4-maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan muallim tumandagi 2-maktablararo o‘quv-ishlab chiqarish kombinatida o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida ham ishladi.
Institutda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llagan tinib-tinchimas xodim mehnat ta’limi metodikasi, o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish borasida bir qator pedagogik muammolar borligini anglab yetdi. Ilmga qiziqish uni o‘zi tahsil olgan dargohga yetakladi va 1983-yildan “Fizika va mehnat ta’limi” kafedrasida metodist, keyinchalik malaka oshirish fakultetida dekan o‘rinbosari lavozimida mehnat qildi.
— Bahriddinni talabalik yillaridan yaxshi bilardim, — deydi institutning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, pedagogika fanlari doktori, professor Narziqul Shodiyev. — U intiluvchan, iste’dodli, irodali, tabiatan ilmga qiziquvchan yigit edi. Institut rahbariyati bilan maslahatlashib, Bahriddin Muranov, Muhammadjon Quronov kabi yoshlarni Moskvaga, Pedagogika fanlari akademiyasiga maqsadli aspiranturaga o‘qishga yubordik. Ular ishonchni oqlashdi. Belgilangan muddatda ilmiy ishlarini himoya qilishdi. Bahriddin muammoning yechimiga xo‘jako‘rsinga yondashmasdi. U masalani atroflicha o‘rganar, undan asosli xulosalar chiqarardi. Afsuski, bevaqt o‘lim uni oramizdan erta olib ketdi.
Shu o‘rinda aytish mumkinki, dunyo pedagog olimlari tomonidan tan olingan A.Vasilov, V.Bespalko, V.Slastenin, P.Atutov, respublikamiz pedagog olimlari akademik R.Jo‘rayev, professorlar U.Nishonaliyev, A.Xo‘jaboyev, E.Choriyev kabi olimlarning suhbatlari, maslahatlari Bahriddinning pedagog olim bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 1991-yili “Bo‘lg‘usi mehnat ta’limi o‘qituvchilarini qishloq maktabi o‘quvchilarining mehnat amaliyotiga rahbarlikka tayyorlashning metodik asoslari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1992–1995-yillarda Samarqand davlat universitetining “Fizika va mehnat ta’limini o‘qitish metodikasi” kafedrasida dotsent vazifasida faoliyat ko‘rsatdi. Keyinchalik Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi doktoranturada tahsil oldi. 1998–2000-yillarda O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazida katta ilmiy xodim, bo‘lim mudiri vazifalarida ishladi. 2000-yilda Qo‘shrabot biznes kolleji direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishladi. Ustoz viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida dastlab “Amaliy fanlar”, so‘ngra “Jismoniy tarbiya, san’at va mehnat ta’limi” kafedrasida mudir vazifasida ham faoliyat ko‘rsatdi. 2012-yildan umrining oxirigacha Samarqand davlat universiteti “Kasbiy ta’limni o‘qitish metodikasi” kafedrasida mudirlik qildi.
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari birinchi o‘rinbosari pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov shunday deydi: “Biz Moskvada aspiranturada bir davrda o‘qidik. Nomzodlik dissertatsiyalarimizni bir kunlik farq bilan himoya qilganmiz. Men Bahriddinni haqiqiy pedagog olim, jonkuyar ustoz, bag‘rikeng inson, sadoqatli do‘st sifatida hurmat qilaman. Yosh tadqiqotchilarda do‘stimdagi ilmga tashnalik, kasbga sadoqat, ilmga halol xizmat qilish kabi fazilatlar bo‘lishini istardim”.
Ustoz turmush o‘rtog‘i Hamida opa bilan 6 nafar farzandni voyaga yetkazdi. Ularni o‘qitdi. “Ot o‘rnini toy bosadi” deyishadi. O‘g‘li Samandar universitetda pedagog, ilmiy-tadqiqot ishlarini ham olib bormoqda. Serqirra qahramonimiz farzandlari bilan Qo‘rlisoyda havas qilsa arzigulik mevali bog‘lar, uzumzorlar barpo etdi. U yaratgan bog‘lar, tarbiyalagan shogirdlari bugun kuch-quvvatga to‘lgan, shig‘il mevalar berib, undan jamiyat bahramand bo‘lmoqda. Aslida, insondan qoladigani ham shu. Ilm martabasiga erishishni istagan, butun hayoti davomida izlangan, mashaqqatlarni yengib o‘tgan fidoyi inson ilmdan kuch oldi, ilm insonni ezguliklar sari yetaklashiga ishondi. Nurga intilib hayotda o‘z o‘rnini topdi.
El e’zozlagan, halol mehnati orqasidan obro‘ topgan, ammo umrining 62 bahorida mangu uyquga ketgan Bahriddin farzandlar, qarindoshlar, do‘st-birodarlar, sadoqatli shogirdlari qalbida bir umr yashaydi, uning ruhi mangulikka daxldor. Maqolaga endi nuqta qo‘yayotganimda radiodan xalqimizning sevimli farzandi
Oxunjon Madaliyevning dillarni sehrlovchi mayin ovozi yangrab qoldi. Hofiz avj pardalarda kuylamoqda:
Soyaman ortingdan ergashgan,
Yostiqman tunlari dardlashgan.
Tushingman, o‘ngingga almashgan
Unutmoq osonmas bizlarni…
Bahriddin Muranovday ezgulik yo‘lida xizmat qilgan yaxshilarni unutib bo‘lmaydi.
Abdumajid ABDUMANNOTOV,
pedagogika fanlari nomzodi