Bobomning sevimli nabirasi edim!
Bobom Normurod O‘tayev (asl ismi Nurmuhammad) 1921-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 19-20 yoshida ikkinchi jahon urushiga ketib, bir qo‘li yarador holda qaytib kelgan. Bobom baland bo‘yli, gavdali inson edi. Lekin o‘q yegan qo‘li judayam ozg‘in, o‘q izi chuqur ko‘rinib turardi. Shundan bo‘lsa kerak faqat yog‘och qoshiqda ovqat yerdi, chunki temir qoshiq ushlashga barmoqlari bo‘ysunmasdi.
Bobomning husnixati shunchalik chiroyli ediki, ko‘rgan inson havas qilardi. Ham diniy, ham dunyoviy bilimlar sohibi, tabiatan shoirtabiat, kuchli matematik, judayam salohiyatli inson edi. Otam kichik o‘g‘il bo‘lgani sabab biz bobo va buvimiz bilan birga yashab, ularning tarbiyasini olganmiz. Ular bilan bir hovlida yashash, bir dasturxon atrofida o‘tirish qanchalik baxt edi. Hayotimning 21 yili bobom bilan bog‘liq xotiralarga limmo-lim. Kichkinaligimdan akam ikkimiz bobom va buvim bilan birga turganmiz. Ertalablari bobomning azon ovozidan uyg‘onardim. O‘rnimdan turib uning joyiga kirib yotib, namoz o‘qishini kuzatardim, quloq solib, yod olardim. Shundanmi, ilk marta namoz o‘qiganimda azon bilan boshlagan edim. Shunda bobom azon aytish faqat erkaklarga xosligini tushuntirgan.
Uyimizda chorvamiz ko‘p edi.
Bobom bilan ularni dalaga olib chiqardik. Keng dala, bepoyon osmon ostida uydan olib kelgan jurnal yoki badiiy kitobni o‘qib, bahslashib o‘tirardik. Bobomdan urush xotiralarini so‘rar, o‘q ovoziga to‘lgan dalalarni ko‘z oldimga keltirib tinmay so‘roqqa tutardim. Oilamiz “Sharq yulduzi”, “Saodat”, “Yosh kuch”, “Fan va turmush”, “Mushtum” jurnallariga har yili obuna bo‘lardi. Gazetalarni maktabdan keltirib o‘qirdik. Bobom bu ishlarda bizga bosh edi.
Bobom boshchiligida qishlog‘imizda maktab qurildi, u yerda uzoq yillar maktab direktori bo‘lib ishladi. Asli matematik bo‘lsa-da, barcha fanlarni judayam yaxshi bilardi. Uyimizga o‘qituvchilar ko‘p kelishar, muammoli vaziyatlarni uning maslahatlari bilan hal qilishardi. Hattoki biror murakkab misol yoki masalaning javobini topolmasalar bobomning yordamida albatta javob chiqarilardi. Maktabdagi o‘quvchilar orasida o‘sha mashhur “Xotira” daftarlarini yozishda ham bobomdan yordam so‘rardim. Chunki u hech kim yozmagan chiroyli gaplar, ma’noli she’rlarni aytib turardi.
Bobom 6 farzandining hammasini oliy ma’lumotli qilishga qat’iy bel bog‘lagandi. Hatto nabiralarining oliy ma’lumotli bo‘lishlarida ham alohida hissasi bor.
Men uning eng sevimli nabira qizi edim. Turmushga chiqib ketayotganimda otamdan avval bobomning oyoqlariga bosh urib yig‘lagandim. Uning mehrli va ozg‘in qo‘llari bilan quchib, uzoq yig‘lagani hamon yodimda. Shunday bilimdon, aqlli, mehribon insonning sevimli nabirasi bo‘lish nasib etganidan juda ham baxtliman. Javonda bobomning orden va medallarga to‘la chiroyli kostyumi osilgan, u hamisha men bilan birga.
Sulolamizdan asosan o‘qituvchilar yetishib chiqdi. Buni ko‘rib, bobomning umri besamar ketmaganini anglash mumkin.
Ota farzand uchun tabarruk inson,
Otaning otasi undan tabarruk.
Hayot yo‘llarimni yoritgan chiroq,
Sizdan minnatdorman hayoti buyuk.
Siz sabab otamning boshlari baland,
Siz sabab sulola dovrug‘i mashhur.
Shunday yashagansiz, tiriksiz hamon,
Siz sabab farzandlar ko‘ksida g‘urur.
Kamola O‘TAYEVA,
Shayxontohur tumanidagi 324-maktabning biologiya
fani o‘qituvchisi