XALQARO BAHOLASH DASTURLARIGA TAYYORGARLIK QANDAY?
Ayubxon RADJIYEV, A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori: STesting tahlillariga ko‘ra ( PISA), o‘quvchilar tabiiy-ilmiy savodxonligi bo ‘ yicha fizik sistemalarga oid savollarda qiynalgan. Sababi, ularda fikrni yozma bayon etish, tahlil qilish, munosabat bildirish kabi ko‘nikmalar yaxshi shakllanmagan.
Mazkur fikrlar bugun boshlangan “Xalqaro baholash va taʼlim sifatini tadqiq etishning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada aytib o‘tildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston ilk bor PISA, PIRLS, TIMMS, TAILS, EGRA/EGMA kabi xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Jahondagi 100 dan ortiq mamlakatlar o‘z ta’lim tizimiga xolis baho berish uchun mazkur tadqiqotlarda ishtirok etmoqda.
Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizning xalqaro baholash tadqiqotlari dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha sa’y-harakatlarini sarhisob qilish, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish hamda xalqaro baholash tadqiqotlari yordamida ta’lim sifatini tadqiq qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va amaliyotga joriy qilishdan iborat.
— Joriy yilning aprel oyidan PISA xalqaro baholash dasturida ishtirok etamiz, bunga o‘tgan yildan boshlab jiddiy tayyorgarlik ishlari boshlangandi, — deydi A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ayubxon RADJIYEV. — Bugungi tadbir orqali birlamchi natijalar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni o‘qituvchilar, ota-onalar, o‘quvchilar va keng jamoatchilikka yetkazishni ko‘zlaganmiz. Bu borada hamkor xalqaro tashkilotlar bilan loyihalar tuzilgan. Ular ham o‘z yo‘nalishida maktablarda o‘tkazgan tadqiqotlari natijalarining yutuq va kamchiliklarini aytib o‘tadi. Biz o‘quvchilarni xalqaro baholash dasturlariga tayyorlash uchun STesting innovatsion platformasini ishlab chiqdik. Unda fanlar bo‘yicha topshiriqlar, testlar va ularni yechish yuzasidan videolar joylandi. Shu kunga qadar platformadan 2,6 milliondan ortiq o‘quvchi foydalangan. PISA bo‘yicha tahlil natijalariga qarasak, o‘quvchilar fizik sistemalarga oid savollarga javob topishda qiynalgani sababi, ularda fikrni yozma bayon etish, tahlil qilish, munosabat bildirish kabi ko‘nikmalar yaxshi shakllanmagan. Demak, ana shu jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak. Shuningdek, o‘quvchilar axborotli matnlarga qaraganda badiiy mantlarni tushunib ishlagan, xulosa chiqarishda g‘oya va ma’lumotlarni uyg‘unlashtirishda qiynalgan.
— O‘zbekiston maktablardagi bolalar soni bilan yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda, — deydi YUNISEF bolalar fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili o‘rinbosari Geofferey IJUMBA. — Menimcha, bu yetarli emas. Nafaqat qamrov, balki ta’lim sifatiga ham ko‘proq e’tibor berish kerak. 2019-yili O‘zbekiston xalqaro baholash tizimi PISAda qatnashish istagini bildirdi. Bu ta’lim muhiti, natijalari, darsturlarini qanday takomillashtirish mumkin degan savollarga javob beradigan juda obyektiv tizim hisoblanadi. Albatta, bu juda katta texnikaviy, ko‘plab mutaxassislarning mehnati talab qilinadigan ish. Lekin yakuni yaxshi natija keltiradi. Vazirlik bilan birga 2030-yilga kelib PISA xalqaro dasturida birinchi 30 talik davlatlar qatoriga kirish niyatidamiz. Bu borada doim yordamga tayyormiz. Bundan tashqari, Milliy baholash dasturini shakllantirish harakatlarini boshlaganmiz. Bu milliy tizim hududlar yoki o‘gil-qizlar kesimida yutuq va kamchiliklarni taqqoslashga imkon beradi. Qayerda, qanday kamchiliklar borligini aniq bilib, kerakli islohotlarni amalga oshirishga yordam beradi.
Niginabonu SHUKUROVA