AQShlik oʻqituvchi bir million dollarlik pul mukofotiga sazovor boʻldi
AQShlik oʻqituvchi bir million dollarlik pul mukofotiga sazovor boʻldi
Noyabr oyi boshlarida Birlashgan Millatlar tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shugʻullanuvchi tashkiloti UNESCOning Parijdagi bosh qarorgohida Varki jamgʻarmasining 2021-yilgi Butunjahon oʻqituvchilar mukofoti (Global Teacher Prize) sovrindorlarini eʼlon qilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bir million AQSh dollar miqdoridagi bosh pul mukofoti muhojir, qochqin va kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan yoshlar uchun kollej taʼlimiga tayyorlovni yoʻlga qoʻygan AQShlik oʻqituvchi Keyshiya Torpga nasib etdi.
Yetti yil davomida UNESCO bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan ushbu nufuzli mukofot taʼlim sohasida sezilarli yutuqlarga erishgan oʻqituvchilarga berib kelinayotgan eng yirik pulli sovrindir.
AQShning Merilend shtatida joylashgan Langley Park xalqaro maktabining ingliz tili oʻqituvchisi Keyshiya Butunjahon oʻqituvchilar mukofoti uchun 121 mamlakatdan 8 mingdan ortiq daʼvogarlar orasidan tanlab olingan.
Ushbu mukofot doirasida ilk bora Butunjahon talabalar mukofoti (Chegg.org Global Student Award 2021) ham tashkil etilgan boʻlib, gʻoliblikni qoʻlga kiritmoqchi boʻlgan nomzodlar oʻqishga, tengdoshlarining hayotiga taʼsir koʻrsatgan va jamiyat hayotiga oʻzgarish kirita olgan bolishlari shart. Gʻolib 100 ming AQSh dollari miqdoridagi mukofot bilan taqdirlanadi. Bu yil mashinalar va piyodalarning harakati oqibatida vujudga keladigan kinetik energiyadan ishlab chiqariladigan toza energiya uchun qurilma ixtiro qilgan Sierra-Leonelik (Gʻarbiy Afrikadagi davlat) talaba Yeremiya Toronka gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Oʻqituvchilar orasida gʻolib deb topilgan Keyshiya Merilend shtatidagi Langley Park xalqaro maktabida 12-sinf oʻquvchilariga ingliz tilidan dars beradi. Maktabda taʼlim olayotgan talabalarning 100 foizi ingliz tilini oʻrganadilar va ularning 95 foizi kam taʼminlanganlar toifasida kiradilar.
Keyshiya ingliz tili fakulteti uchun oʻquv dasturini butunlay qayta ishlab chiqdi. Undan maqsad, AQShga yangi koʻchib kelganlar (muhojirlar, qochqinlar, birinchi navbatda Afrika, Yaqin Sharq, Karib dengizi, Janubiy va Markaziy Amerikadan kelgan odamlar), ayniqsa, yoshlarning yangi madaniyat va tilga moslashuvini osonlashtirish boʻldi.
Keyshiyaning taʼlim dasturiga kiritgan oʻzgartirishlari talabalarning oʻzlashtirish darajasini 40 foizga oshirdi. Oʻqituvchi koʻp vaqtini oʻquvchilariga kollejga ariza topshirishlariga yordam berish va toʻliq moliyalashtirilgan stipendiyani olishda yordam berishga bagʻishlaydi. 2018 va 2019 yillar oraligʻida u oʻz talabalariga 11ta kollejda 6,7 million dollardan ortiq stipendiya yutib olishga yordam berdi.
Sierra-Leonelik Yeremiya fuqarolar urushi paytida tugʻilgan va yolgʻiz onasi bilan poytaxt Fritaun chekkasida katta boʻlgan. Elektrdan foydalanish imkoni boʻlmagani uchun, oila yoritish va isitish uchun koʻmir va oʻtin yoqishga majbur boʻlgan.
Ogʻir sharoit va qiyinchiliklar Yeremiyaning qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni va iqlim oʻzgarishini oldini olishni targʻib qilish ishtiyoqini kuchaytirdi. 17 yoshida universitetda tahsil olayotganida, u Optim Energy deb nomlangan startapni ishga tushirdi. U yaratgan qurilma yoʻllardagi transport vositalari va piyodalarning harakati tufayli vujudga keladigan tebranishlarni elektr energiyasiga aylantiradi.
Optim Energy qurilmalarni Syerra-Leone shimolida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazdi. Atigi ikkita qurilma yordamida 1500 ga yaqin aholi istiqomat qiladigan 150 ta xonadon, shuningdek, 9000 dan ortiq oʻquvchi taʼlim oladigan 15 ta maktab bepul elektr energiyasi bilan taʼminlandi.
Gʻoliblarni tabriklar ekan, Varki jamgʻarmasi asoschisi Sanni Varki shunday dedi: “Keyshiyani 2021 yilgi Butunjahon oʻqituvchilar mukofotini qoʻlga kiritgani va Yeremiani (Chegg.org Global Student Award) mukofoti sovrindori boʻlgani bilan tabriklaymiz. Ularning ajoyib hikoyalari bugungi va ertangi kunning dolzarb muammolarini hal qilishda taʼlim naqadar muhim rol oʻynashini koʻrsatadi.”
UNESCO Bosh direktorining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Jannini ham gʻoliblarni tabrikladi:
“Boshqalarga ragʻbat boʻluvchi va ilhomlantiruvchi ham oʻqituvchilar ham talabalar eʼtirofga loyiqdir. Hozirgi vaqtda biz oʻqituvchilarimiz va talabalarimizni yanada qoʻllab-quvvatlashimiz kerak. Chunki ular Covid pandemiyasidan keyin hayotimizni tiklashga, yaxshilashga intilmoqda”, dedi Jannini xonim.
Maʼlumot uchun: Varki jamgʻarmasi global taʼlim xayriya tashkiloti boʻlib, u har bir bolaning yaxshi oʻqituvchisi boʻlishini taʼminlash uchun ishlaydi.
Bugungi kunda jamgʻarma toʻrtta asosiy yoʻnalish boʻyicha ish olib bormoqda: har yili bir million AQSh dollarlik pul sovrini bilan taqdirlanadigan Butunjahon oʻqituvchilar mukofoti orqali oʻqituvchilar maqomini oshirish; maktab rahbarlarini qoʻllab-quvvatlash; hukumatlar bilan oʻzaro hamkorlik; va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish.