Abdulla Avloniy instituti mas’ullari Buyuk Britaniyada
Abdulla Avloniy instituti mas’ullari Buyuk Britaniyada
Buyuk Britaniyada joriy yil 17–22-may sanalarida IATEFL xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidan A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rahbari Ayubxon Radjiyev ishtirok etdi.
Shuningdek, Buyuk Britaniya hamda A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institut hamkorligidagi “Future English in Uzbekistan” loyihasi doirasida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida faol qatnashgan 4 nafar umumta’lim maktab o‘qituvchilari, Farg‘ona viloyati, Quva tumani 49-maktab o‘qituvchisi Davlatov Nosir Ergashaliyevich, Toshkent shahar, 195-maktab o‘qituvchisi Burhonxo‘jayeva Hushnamo Madaminovna, Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahar, 9-maktab o‘qituvchisi Abduazimova Surayyo Shodmonqulovna va Farg‘ona viloyati, Quva tumani, 40-maktab o‘qituvchisi Xo‘djayeva Sadoqat Xabibullayevnalar ham mazkur konferensiyada qatnashdilar.
Konferensiyada institut rahbari Ayubxon Radjiyev ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi, xususan malaka oshirish tizimida olib borilayotgan islohotlar mazmuni, ilk natijalar bo‘yicha qisqacha ma’lumot berdi.
Buyuk Britaniya kengashi tashabbusi bilan konferensiyada turli mamlakatdan ishtirok etayotgan malaka oshirish tizimidagi mutasaddi rahbarlar uchun ingliz tilining kelajagi qanday bo‘lishi bo‘yicha savol o‘rtaga tashlandi. Boshqa davlatlar mas’ullari kabi A.Radjiyev ham o‘z fikrlarini bildirdi. Ingliz tilining kelajagi, malaka oshirish tizimining muqobillashtirilishi, amaliyot va ilmiy-tadqiqot ishlari birgalikda amalga oshirilishi muhimligi ta’kidlandi. Bunda faqat malaka oshirishdagi darslarning o‘ziga urg‘u bermasdan, hozirgi holat yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, o‘qituvchilarning qaysi kompetentliklarda oqsoqlanayotganliklarini o‘rganish kabi masalalarga ilmiy yondashgan holda yechim berish va mana shu tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, yangi metodikalarni joriy etish, tizimni isloh qilish muhimligi qayd etildi.
Ingliz tilining kelajagida onlayn, ishdan ajralgan va ajralmagan holda sinxron va asinxron shakllaridagi malaka oshirish kurslarining jadallashishi ehtiyojga, individual trayektoriyaga asoslangan kurs kontentlarini yaratishga e’tibor berilishi ushbu tilning kelajagidagi muhim omil sifatida ta’kidlandi.
Delegatsiya Buyuk Britaniya kengashi rahbariyati bilan uchrashdi. Unda hamkorlikning keyingi bosqichlari, xususan, davlatimiz rahbari tomonidan maktab o‘qituvchilariga yangi, ilg‘or metodikalarni joriy qilishda xorijlik mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb qilishdagi masalalar muhokama qilindi.
Buyuk Britaniya kengashi vakillari tomonidan hamkorlikning keyingi bosqichida nafaqat ingliz tili fani, balki boshqa fanlar, xususan STEAM-tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha ham xorijlik mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb qilish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Buyuk Britaniya kengashi rahbariyati va A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati keyingi bosqichdagi navbatdagi xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazishga kelishdi.
Bu bo‘yicha iyul oyida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarda aniq to‘xtamga kelinadi. (konferensiyaning tashkiliy masalalari, taklif etiladigan xorijiy mehmonlar, o‘tkazilish joyi, sanasi ma’lum qilinadi)
A.Avloniy instituti Matbuot xizmati