Akademiya kursanti Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi
Akademiya kursanti Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi “O‘zbekiston respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5924-sonli hamda 2020-yil 30-oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6099-sonli Farmonlarining ijrosini ta’minlash maqsadida, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston sportni rivojlantirish vazirligi, armrestling federasiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida sportning armrestling turi bo‘yicha joriy yilning 15–18-mart kunlari Buxoro viloyati, Buxoro shahrida respublikaning 12 ta viloyatidan saralangan 200 dan ortiq professional sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati hamda Osiyo chempionatiga saralash bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur musobaqada FVV Akademiyasi jamoasi ham munosib ishtirok etib, Akademiya terma jamoasidan faol qatnashgan 5-bosqich kursanti Hurmatillo Madazimov 75 kg vazn toifasida chap qo‘lda faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan sovrindorlarga diplom va medallar tantanali topshirildi. Shu bilan bir qatorda faxrli birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan sovrindorlar Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.
O‘z o‘rnida Akademiya terma jamoasidan munosib qatnashib kelayotgan Hurmatillo Madazimovga kelgusi musobaqalarda omad tilab qolamiz.
Mayor Farhodjon XOJAYEV,
Akademiya katta o‘qituvchisi