“Artel” kompaniyasi egizbuloqliklarga saxovat karvonini yubordi
“ Artel ” kompaniyasi egizbuloqliklarga saxovat karvonini yubordi
Shu yilning 20 - aprel kuni Samarqand va Jizzax viloyatining bir qator tumanlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel kelib ba’zi hududlarni suv bosgan edi. Sel Forish tumanining “Egizbuloq” MFYda joylashgan 260 ta xo‘jaligiga yetib borgan. Ularning ma’lum qismi to‘liq, qolgani o‘rta va yengil darajada zarar ko‘rgan.
Yaqinda “Egizbuloq” mahallasida barpo etilgan 28 xonadon egalariga Artel kompaniyasining saxovat karvoni yetib bordi.
Har bir xonadon egalariga kompaniyaning maxsus sertifikati, 6 mahsulotdan iborat maishiy texnika to‘plamlari sovg‘a qilindi. Xususan, to‘plam — sovutgich, gaz plitasi, kir yuvish mashinasi, televizor, changyutgich va dazmolni o‘z ichiga olgan.
Tadbirda Forish tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Abdumannon Saidxonov, tuman “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi Xolmat Mamatov hamda “Artel” kompaniyasi rahbariyati vakillari ham ishtirok etdi. Jumladan, “Artel” kompaniyasining Xodimlar bilan ishlash bo‘yicha departament direktori Lazizbek Mamatov aholini shinam va ko‘rkam, zamonaviy qurilgan uylar bilan qutlab, ularga kompaniya sovg‘asini topshirdi.
Mana shunday saxovatpesha xalqimiz bor ekan millat hech qachon zavol topmaydi.