Asriy merosimiz hafta ichida
“INFOLIB O‘ZBEKISTON- 2021”
X Milliy axborot-kutubxona haftaligi
Hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi umumiy fondi 7 544 721 nusxa nashrdan iborat bo‘lib, shulardan 6 846 922 nusxasi bosma nashrlar, 697 799 nusxasi esa elektron shakldagi adabiyotlardir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-4354-son qarorining ijrosini ta’minlash, prezidentimiz tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan 5 muhim tashabbusdan biri bo‘lgan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan. Xuddi shu maqsadda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan joriy yilning 8 – 12-noyabr kunlari “INFOLIB O‘ ZBEKISTON- 2021” X Milliy axborot-kutubxona haftaligi o‘tkazilishi belgilandi.
Haftalik bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarida tashkil etiladi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi umumiy fondi 7 544 721 nusxa nashrdan iborat bo‘lib, shulardan 6 846 922 nusxasi bosma nashrlar, 697 799 nusxasi esa elektron shakldagi adabiyotlardir.
O‘zbekistonda kutubxona sohasini rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilinmoqda. Jumladan, prezidentimizning 2019-yilda 4354-sonli qarorida belgilanganday aholiga kutubxona xizmatini ko‘rsatish maqsadida respublikamizda 186 ta tuman va shahar kutubxonalari tashkil etildi, ko‘plab kutubxonalar qayta rekonstruksiya qilindi, to‘liq ta’mirlandi, ularning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Quvonarlisi, soha vakillariga ham katta e’tibor qaratilmoqda, faoliyati rag‘batlantirilmoqda, yuksak e’tirof etilmoqda va ular nufuzli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Yosh avlodning sog‘lom o‘sishi, sifatli ta’lim olishi va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va kitobga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 5 muhim tashabbusni joriy etish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Navbatdagi Milliy axborot-kutubxona haftaligining boshqa haftaliklardan farqi shundaki, uning doirasida ilk marotaba “O‘zbekiston yosh kutubxonachilari: biz birgalikda harakat qilamiz!” shiori ostida Yosh kutubxonachilar forumining o‘tkazilishidadir.
Forumga turli tizimlar va idoralar kutubxonalarining 30 yoshgacha bo‘lgan yosh mutaxassislari, madaniyat muassasalari va oliy o‘quv yurtlarining axborot-kutubxona mutaxassisligi bo‘yicha o‘qituvchilik qilayotgan yoshlar va aspirantlar, axborot-kutubxona markazlari rahbarlari va yosh mutaxassislari taklif etildi.
“INFOLIB O‘ ZBEKISTON- 2021” X Milliy axborot-kutubxona haftaligini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad respublikamizda axborot-kutubxona sohasini yanada rivojlantirish, aholiga axborotlar olishning manbayi, shakl va metodlarini yetkazish, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish, kitobxonlik va kitob mutolaasini targ‘ib qilish, yoshlarni intellektual bilimi va saviyasini oshirishga qaratilgan tadbirlar orqali kutubxonalarga qiziqishini yanada oshirish, soha mutaxassislarini joriy qilingan zamonaviy, ilmiy-metodik ishlanmalar bilan tanishtirishdan iborat.
Haftalik doirasida jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda, soha mutaxassislari va kitobxonlar uchun bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari, tanlovlar, treninglar, mahorat darslari o‘tkazish hamda nashriyotlar ishtirokida kitob ko‘rgazmalari, yarmarkalarini tashkil etish, mutaxassislarning ma’naviy-madaniy bilimlarini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlar, mahorat darslari, ishtirokchilarni keng jalb qilgan holda intellektual bilimini oshiruvchi viktorinalar, taniqli fan va madaniyat namoyandalari, san’atkor va ijodkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, teatrlashtirilgan chiqishlar namoyish etish rejalashtirilgan.
Bizni kuzatib borish davomida “INFOLIB O‘ ZBEKISTON- 2021” X Milliy axborot-kutubxona haftaligi dasturlari bilan tanishib borishingiz mumkin.