Baxtiyor Saidov Toshkent viloyatining maktablariga bordi
Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov xizmat safari doirasida Toshkent viloyati maktablarida boʻldi
Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov xizmat safari bilan Toshkent viloyatining maktablariga bordi.
Dastlab, viloyatning Toshkent tumanidagi 24-, 26- va 28-maktablar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Baxtiyor Saidov 24-sonli umumtaʼlim maktabida dars jarayonlarida bevosita ishtirok etib, oʻquvchilar bilan savol javob qildi. Ularni qiziqtirgan sohalar, kasblar borasida suhbatlashdi. Ayniqsa, ingliz tili fani oʻtilayotgan sinfda oʻquvchilar bilan ingliz tilida muloqot qildi.
“Har biringiz bitta xorijiy tilni mukammal bilishingiz zarur. Shunda ertaga nafaqt oʻzingiz uchun, kerak boʻlsa mana shu yashab turgan qishlogʻingiz, mahallangiz nufuzida ham oʻrningiz boʻladi. Xorijga chiqasiz. Dunyo koʻrasiz. Koʻrganlaringizni ona yurtingizga ham tadbiq qilishda til bilmogʻingiz muhim” -
— deya oʻquvchi yoshlarga katta motivatsiya berdi vazir.
Oʻqituvchilar bilan “Nima qilsak, taʼlimda mukammallikka erishamiz?” deb, ularning fikrlarini, taklif va gʻoyalarini tingladi. Shu oʻrinda, oʻzlarining talab va takliflarini ham aytib oʻtdi.
Tumanning oʻzbek va rus tillariga ixtisoslashgan 26- sonli umumtaʼlim maktabda ham asosan oʻquvchi va oʻqituvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Maktabning faollar va sport zallarini koʻzdan kechirdi. Viloyatda oʻziga yarasha nufuzga ega boʻlgan maktab oʻqituvchilarining dars berish metodikalarini viloyatning boshqa hududlariga ham tadbiq qilish taklifini berdi.