Bitiruvchilarga tabrik — yuksak ishonch namunasi
Bu yilgi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami bitiruvchilarga o‘zgacha kayfiyat, ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Chunki davlatimiz rahbari tomonidan ilk marotaba maktablarning bitiruvchi o‘g‘il-qizlariga bayram tabrigi yo‘llandi.
Bundan nafaqat o‘quvchi yoshlar, balki umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan ta’lim xodimlari hamda ota-onalar ham ruhlandi, qalbi quvonchga to‘ldi. Bu Prezidentimizning yoshlarga, ertamiz egalariga bildirgan ishonchining namunasi desam adashmagan bo‘laman. Minbarda turib tabrikni egalariga yetkazar ekanman, o‘zimni bitiruvchilar o‘rniga qo‘ygim keldi. Ularga ko‘rsatilgan bu qadar yuksak e’tibordan mamnunlik tuydim.
Oxirgi yillarda ta’limga e’tibor kuchayganini va buning amaldagi natijalarini ko‘rib, his qilib kelmoqdamiz. Davlatimiz rahbari tabrikda keltirganidek, “Qisqa muddatda maktabgacha ta’lim, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi. Bu haqda gapirganda, oxirgi to‘rt yilda 134 ta yangi maktab qurilib, 2 ming 965 ta maktab rekonstruksiya qilinib, tubdan ta’mirlangani va jihozlanganini qayd etish lozim. Yurtimizda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda”. Albatta, bu keng ko‘lamli ishlar kelajak avlod ta’limi, ularni yurt koriga yaraydigan salohiyatli kadr qilib tarbiyalashga qaratilmoqda.
Maktabimiz tashkil etilganiga 11 yil bo‘ldi. Bu yilgi bitiruvchilar maktabning 1-sinfiga qabul qilingan ilk o‘quvchilari hisoblanadi. 315 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim dargohimizda 545 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Shulardan 51 nafari maktabni bitirmoqda. Bu yil ham pandemiya sharoitida ta’limni olib borgan bo‘lsakda, arzigulik natijalarga erishdik deb hisoblayman. Bitiruvchilarimizdan 4 nafari chet el OTMlariga qabul qilindi. Qolaversa, o‘quvchilarimiz kompyuter texnologiyalari sohasida “1 million dasturchi” onlayn loyihasida qatnashib sertifikatlar bilan taqdirlandi. Turli ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egalladi.
O‘tgan o‘quv yilidagi pandemiya holati o‘quvchilarimizni bilim olishdan to‘xtamaslikka, har qanday vaziyatda ham ilm izlashga bo‘lgan e’tiborni susaytirmaslikka o‘rgatdi. Shu o‘rinda Prezidentimizning quyidagi so‘zlari yodimga keldi: “Ishonchim komil, yangi O‘zbekiston sharoitida, zamonaviy taraqqiyot talablari asosida ta’lim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari sifatida barchangiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanasiz”.
Tabrik matniga yana bir ko‘z yugurtirar ekanman, davlatimiz rahbarining yoshlar masalasida naqadar jon kuydirayotganini his qildim. Kichik maktabimiz, u qadar ko‘p bo‘lmagan o‘quvchilarimiz ta’lim-tarbiyasidagi o‘zgarishlarni yodga oldim. Ular orasida sportchilar yetishib chiqayotgani, 5 tashabbus doirasida kitobxonlar, musiqa yo‘nalishiga qiziquvchilar ko‘payganidan quvonaman. Xususan, o‘quvchi yoshlar orasidan ijodkorlarni yetishtirish maqsadida maktablarga shoir, yozuvchi, jurnalistlarning biriktirilishi ham aytilayotgan gaplarning amaldagi isboti bo‘lmoqda. Men Prezidentimizning bitiruvchgilarga atalgan tabrigidan rahbar sifatida o‘zimga kerakli xulosalarni chiqardim. Bundan keyin ishonchni oqlashga harakat qilib, yanada kuch va g‘ayrat bilan ishlash maqsadidaman.
Vazira SULAYMONOVA,
Zangiota tumanidagi 26-maktab direktori, Zangiota tuman kengashi deputati