Bizga sifatli kitoblar kerak!
Kitob do‘konlariga kirarkansiz javonlarga terilgan bir-biridan chiroyli, har xil sohalarga aloqador, ilmiy, badiiy asarlar ko‘zingizni qamashtiradi. O‘zingizni boshqa olamga tushib qolganday tasavvur qilasiz. Tabiiyki, qiziqqaningizdan duch kelganini, yoki o‘zingizga tanish, yaqinda nashr etilgan biror kitobni olib varaqlay boshlaysiz. Afsuski, sinchikov muharrir ko‘rigidan o‘tmagan, qo‘l uchida tayyorlangan, ilk sahifasidayoq imloviy xatolar bo‘rtib turgan ayrim kitoblar ta’bingizni xira qiladi. Astagina joyiga qo‘yasiz. So‘ng maktabda o‘qiydigan forzandingiz daftar buyurgani yodingizga tushadi. 12 varoqli, buyuk bobolarimiz surati tushirilgan daftarlardan birini qo‘lingizga olasiz. Ziyrakroq bo‘lsangiz, kassaga tomon borarkan daftardagi Abu Rayhon Beruniy bobomizning surati ostiga Ibn Sino deb yozilganini ehtimol payqab qolarsiz. Yo‘qsa…
Shu og‘riqli masala yuzasidan bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Kitob va bosma mahsulotlarni nashrga tayyorlash va chop etish tizimidagi mavjud muammolar” mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Intelektual mulk agentligi, “O‘zStandart” agentligi mas’ul vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Unda nashriyotlar faoliyatida hanuz mazmunan sayoz, amaldagi standart talablariga mos kelmaydigan, hatto ayrim hollarda mentalitetimizga yot qarashlarni ifoda etuvchi, yoshlar ongiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kitoblar ham nashr etilishi kuzatilayotgani ta’kidlandi.
— Ayrim maktab darsliklari, bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarda ham jiddiy xatoliklar ko‘zga tashlanmoqda, — deydi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov. — Holbuki, o‘quvchiga boshdan xato ma’lumot o‘rgatdikmi, uni keyinchalik tog‘irlashning imkoni yo‘q. Bu millatga xiyonat bilan barobar.
Shuningdek tadbirda qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy etilishining nashriyot-matbaa sohasi va kitobxonlikni rivojlantirishga ta’sirining ijtimoiy-iqtisodiy tahlili, bu boradagi xalqaro tajriba, sohani kadrlar bilan taminlash kabi qator masalalar xususida so‘z yuritildi va takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida bildirilgan taklif-mulohazalar asosida tegishli qarorlar qabul qilindi.