Bolalar adabiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolari
Bolalar adabiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolari
2022-yil 22-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi anjumanlar zalida “Kitobsevar millat” shiori ostidagi II Respublika kitobxonlik haftaligi doirasida “Bolalar adabiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolari: tahlil, taklif va yechimlar” mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ushbu anjumanda AOKA direktor o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov, O‘zbekiston NMIU bosh muharriri Azimboy Boboniyozov, adabiyotshunos Rahmatilla Barakayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Bolalar va o‘smirlar kengashi raisi, bolalar shoiri Orif To‘xtash, Respublika bolalar kutubxonasi investitsiyalarni jalb etish va xalqaro aloqalar mutaxassisi Charos Mirxalilova , “Gulxan” jurnali bosh muharriri Zahro Hasanova, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, bolalar shoiri Dilshod Rajab va boshqa shoir-u noshirlar, OAV vakillari, qolaversa qiziquvchilar ishtirok etishdi.
Muzokara, taklif va tahlil uchun yig‘ilgan mutaxassislar respublikada bolalar va o‘smirlar adabiyotlarining nashr etish holati, nashriyotlar oldidagi dolzarb muammolar tahlili va ularning yechimlari, bolalar kitoblarini nashrga tayyorlash, adiblar va nashriyotlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, bolalar adabiyotining yangilanish tendensiyalari, yangi zamon va qahramon, bolalar kitobxonligini rivojlantirishning dolzarb muammolari to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirishdi.
Bolalar adabiyotida qalam tebratayotgan shoir Dilshod Rajab: “Bugungi kunda nashr etilayotgan bolalar adabiyotlarining saviyasi, kitoblarning qancha nusxada chiqarilayotganligi haqida ham o‘ylashimiz kerak. Yaratilgan asarning yetib borish muammosi ham hozir bizning og‘rig‘imizga aylangan”, degan fikrlarini bildirib o‘tdi. Qolaversa, kitobni bola ruhiyatiga mos ravishda bezatish kerakligi yuzasidan takliflarni ham ilgari surdi.