Bosh maqsad – davlat oliy taʼlim muassasalarining qoʻlini yechish — Abduqodir Toshqulov
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov Oʻzbekiston milliy universitetining “2021-yil yakunlari: natijalar va istiqboldagi rejalar” nomli yil yakunlariga bagʻishlangan tadbirda ishtirok etdi.
Tadbirda vazir nutq soʻzlab, universitetning joriy yildagi yutuqlari, xususan, fan, taʼlim va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash, taʼlim sifatini yaxshilash, zamonaviy oʻquv adabiyotlarini yaratish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish asosida dunyoda tan olingan reytinglarga kirish boʻyicha salmoqli ishlarini eʼtirof etdi.
– Hamma oliy taʼlim muassasalarida ham uchramagan natija, xususan, ilmiy salohiyat 58% dan yuqori, 2021-yilda 8 nafar fan doktori (DSc), 62 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalari boʻyicha dissertatsiyalar himoyalari amalga oshirilgan. Eng qizigʻi, juda katta xarajatlarsiz qariyb 1500 oʻrinli talabalar uchun turar-joylar barpo etilgani ayni haqiqat, – dedi Abduqodir Toshqulov.
Shuningdek, kuni kecha muhtaram Prezidentimiz tomonidan oliy taʼlim sohasi boʻyicha ikkita tarixiy, aytish joiz boʻlsa, revolyusion qarorlarga imzo chekkanlarini taʼkidlab, 35 ta davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik, akademik va tashkiliy-boshqaruv sohalari borasida esa qator vakolatlar berilganligini bildirdi.
– Oliy ta'limda bo‘lib turib, bu qarorlarning ichiga kirib, ijrosiga men ham hissa qo‘shaman demagan odam, u bizning sohamizga begona. Bosh maqsad – davlat oliy taʼlim muassasalarining qoʻlini yechish, ularga xususiy va xorijiy taʼlim muassasalari filiallari bilan raqobatga kirishish uchun mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatini berish.