Bosh qomusimiz — milliy g‘ururimiz!
Bosh qomusimiz — milliy g‘ururimiz!
Xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jonajon Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari hamda manfaatlarining mustahkam kafolati sifatida yurtimizda bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi borasida asosiy poydevor bo‘lib kelmoqda.
Mamlakatimizda Konstitutsiyamizda belgilab berilgan qoida va tamoyillar negizida samarali milliy qonunchilik tizimi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllanib, hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, davlatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalib, xalqimizning ongu tafakkuri tobora o‘sib borayotgani ayniqsa ahamiyatlidir.
Asosiy Qonunimizning inson hayotidagi o‘rni hamda ahamiyatiga bag‘ishlangan, aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan avlodning huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, intellektual, ijodiy tanlovlar bir-biriga ulanib ketmoqda.
Jumladan, joriy yilning 3 dekabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Konstitutsiyamizning 29 yilligiga” bag‘ishlangan Konstitutsiya - milliy g‘ururimiz! mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori
general-mayor Shuxrat Uzakov , Harbiy prokuratura mas’ul xodimlari, O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi raisi Tal’at Murodov , Akademiyaning professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar va kursantlar, Akademiya huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti faxriylari va harbiy xizmatchilar hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirni Akademiya boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarning uzviy davomi sifatida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilgani, bu esa muhim konseptual hujjatda islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida e’tirof etilgani va yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat etib belgilanganini hamda yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab berganini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng tadbirda so‘zga chiqqanlar, muhtaram Prezidentimiz
Shavkat Mirziyoyevning “Asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini so‘zsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish bundan buyon ham faoliyatimning bosh mezoni bo‘lib qoladi” deya bildirgan fikrlarini alohida e’tirof etdilar.
Shuningdek, Konstitutsiyamiz milliy, ko‘p ukladli iqtisodiyotimiz asoslarini mustahkamlash, erkin, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich, izchil o‘tish uchun shart-sharoit yaratish, xususiy mulkning ustuvorligini o‘rnatish bo‘yicha huquqiy asosni belgilab berganini alohida ta’kidladilar.
— Yoshlarimiz bugun barcha jabhada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar hamda yangilanishlar zamirida, eng avvalo, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, jamiyatda qonun va qonuniylik ustuvorligini kafolatlash, xalqimizning tinch, farovon, rozilik hamda minnatdorlik hissi bilan yashashini ta’minlashdek ulug‘ maqsadlar mujassamligini chuqur anglab yetayotir deydi — podpolkovnik Rashid Absalomov — Konstitutsiyamiz muhrlab qo‘ygan tamoyillarni amalga oshirish yo‘lida davlat qurilishi, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalardagi amalga oshirilayotgan olamshumul ishlar va demokratik yangilanishlar, aholi turmush darajasi va sifatining oshib borishi natijasida yurtimizning jahon mamlakatlari ichida mavqei yanada yuksalib borayotganini ko‘rish barchamizga katta g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Tadbir davomida Akademiyaning barcha kursantlaridan iborat turli jamoalar o‘rtasidagi “Breyn-ring” huquqiy bellashuvi takillashtirildi. Birinchi bosqich kursantlaridan tarkib topgan “Qonun posbonlari”, 2-bosqich kursantlaridan tarkib topgan Adolat”, 3-bosqich kursantlaridan tarkib topgan “Liderado”, 4-bosqich kursantlaridan tarkib topgan “Demokratlar”, 5-bosqich kursantlaridan tarkib topgan “Huquqshunoslar” jamoalari o‘rtasida huquqiy bellashuv o‘tkazildi. “Tezkor savol-javob”, “Kazus” hamda “Sardorlar musobaqasi” shartlari bo‘yicha bahs-munozalarga boy bo‘lgan huquqiy savodxonlik bellashuvi belgilangan mezonlar asosida hakamalar hay’ati tomonidan baholab borildi. Bellashuvning yakuniy natijasiga ko‘ra, 5-bosqich kursantlaridan tarkib topgan “Huquqshunoslar” jamoasi mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan g‘olib jamoalar diplom va tashakkurnomalar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Farhodjon XOJAYEV,
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi katta o‘qituvchisi, kapitan.