Bu "Mushtum"
“Bu "Mushtum" zoʻrlik mushtumi emas, haqlik mushtumidir, bu "Mushtum" zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir. Shuning uchun buning maʼnosi ham boshqachadir...”
Abdulla Qodiriy "Mushtum taʼrifida"
Bugun Milliy matbuot markazida "Mushtum" jurnalining qayta tiklanganligi munosabati bilan taqdimot bo'lib o'tdi. Marosimni Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O'sarov faoliyatiga qariyb 100 yil to'layozgan jurnalning asoschilarini eslash bilan ochib berdi. O'tkan yillar davomida jurnalda o'z materiallari bilan chiqish qilib turgan jurnalist, publitsist va professorlar uning faoliyati qayta tiklanganidan nihoyatda mamnun bo'lishganini e'tirof etishdi. Jumladan, "Jahon adabiyoti" jurnali bosh muharriri, taniqli publitsist Ahmadjon Meliboyev: "Jurnal faoliyati tiklanayotganini eshitib, yoshim bir joyga borib qolgan bo'lsa-da, farzand ko'rgan kabi quvondim", - deya o'z shodligini ifoda etdi.
Taqdimotga yig'ilganlar "Mushtum"ning keyingi faoliyatida ko'plab yangiliklar kutishayotganini, jurnalning 50-60-yillardagi mavqeyini qayta tiklash lozimligini ta'kidlab o'tishdi. O'rinli tanqid va takliflarga jurnal bosh muharriri Nosirjon Toshmatov: "Imkon qadar eski jamoani tikladik, boshqa ijodkor va publitsistlarni esa hajv hashariga taklif qildik. Agar, nafaqat "Mushtum" jurnali, matbuotimiz orqasida davlat turadigan bo'lsa, chiqayotgan tanqidiy materiallarning natijasi bilan qiziqsa shunda hammasi o'z o'rnida bo'ladi", - deya javob berdi. Qo'shimcha qilib yaqin orada jurnal YouTube ijtinoiy tarmog'ida ham faoliyat boshlashi reja qilinayotganini aytib o'tdi.
Ma'lumot o'rnida, "Mushtum" jurnaliga 1923-yilda taraqqiyparvar ziyolilar: Abdulla Qodiriy va G‘ozi Yunuslar tomonidan asos solingan. 2019-yilga kelib jurnal ko'plab iqtisodiy muammolar va obuna sonining keskin tushib ketganligi sababli faoliyati to'xtatilgan edi.