Bugun Berdaq haqidagi film premyera qilinadi
Bugun soat 18:00 da Adiblar xiyobonida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Toshkent pediatriya instituti va “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Amu sohili kuychisi” hujjatli filmi premyerasi bo’lib o’tadi.
Mazkur film Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Berdaq hayoti va ijodi haqida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil Adiblar xiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari yuzasidan tasvirga olingan. “Xalq yuragi” turkum filmlaridan biri.
Ssenariy muallifi Kengesbay Karimov, rejissyor Bektileu Nizamatdinov, operator Asenbay Asqarov, kartina direktori Baxtiyar Madiyarov.
Kuni kecha Bobur, Abdulla Oripov, G‘afur G‘ulom hayoti va ijodi haqidagi hujjatli filmlar namoyish etilgandi. Oldinda 29-sentyabrga qadar Ogahiy, Cho‘lpon, Zulfiya, Erkin Vohidov, Hamid Olimjon va boshqa adiblar haqidagi hujjatli filmlar premyeralari bo‘lib o‘tadi.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati