Buyuk adibga ehtirom
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz jodiy merosini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish hamda Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 24-avgustdagi 502-son qaroriga asosan Adiblar xiyobonidagi 24 nafar atoqli yozuvchi va shoirlar hayoti va ijodini o‘rganish oliy ta’lim muassasalariga vazifa qilib berildi. Xususan, Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek ijodini o‘rganish Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga topshirildi. Institutimiz talabalari 2020-2021-o‘quv yilida tasdiqlangan reja asosida akademik Oybek yashab, ijod qilgan uy-muzeyiga 19 marta sayohat uyushtirdi.
“Oybekxonlik kechasi” ma’naviy ma’rifiy tadbirida buyuk adibning qarindoshlari, Yozuvchilar uyushmasidan bir qancha taniqli ijodkorlar, Respublika ma’naviyat markazi vakillari, institutimiz yoshlari, pedagoglar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Institutdagi 4 fakultetda Oybek hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insho tanlovlari, uning asarlari asosida sahnalashtirilgan drama asarlarining ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilib, g‘oliblar pul mukofoti va diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, institut rahbariyati tomonidan Adiblar xiyobonidagi Oybek haykali yonida taniqli yozuvchi, shoirlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, she’rxonlik kechalari tashkil etilib, barcha fakultet yoshlari tasdiqlangan jadval asosida ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirga tashrif buyurdi. Tadbirda yozuvchiga bag‘ishlangan kitob ko‘rgazmalari ham tashkil etildi.
Oybek hayoti va ijodini mukammal o‘rgangan, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan iqtidorli talabalarning 4 nafariga institut kengashi qaroriga asosan “Oybek nomidagi maxsus stipendiya” ta’sis etildi. Bundan tashqari, institutda adib ijodini yanada puxta o‘rganish maqsadida xona-muzeyi tashkil etilmoqda. Oybekning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan hujjatli film ham yaratilmoqda.
Abdusattor ABDUG‘AFFOROV,
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti dotsenti