Buyuk siymolarimizga ehtirom
Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egalladi.
So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, shoir tug‘ilgan qutlug‘ 9 fevral sanasini har yili adabiyot va ma’rifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash an’anasi qaror topdi. Ulug‘ so‘z san’atkorining asarlari muntazam nashr etilib borilmoqda.
Alisher Navoiy asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy g‘oyalarning jahon tamaddunida tutgan o‘rnini hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini nazarda tutib, ulug‘ shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosini yurtimizning barcha uquv yurtlarida, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham keng targ‘ib etish maqsadga muvofiqdir.
Jumladan, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash maqsadida buguni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 325-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Buyuk siymolarimizni yodga olamiz” nomli bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda nafaqat tashkilot tarbiyalanuvchilari balki tashkilot ishchi xodimlari ham mamnuniyat bilan ishtirok etdilar.
Tashkilotimiz tarbiyalanuvchilari hamda xodimlari tomonidan Alisher Navoiy g‘aazallaridan yod olindi. Navoiyning “Non isi” va “Shukurlik va noshukurlik” rivoyatlari asosida sahna ko‘rinishlari ijro etildi. Ulug‘ mutafakkirimiz g‘azallariga bitilgan ko‘shiqlarga tayyorlangan raqslarni bolajonlarimiz mohirona, ko‘tarinki rux va o‘zgacha kayfiyatda ijro etdilar. Tadbirni yanada mazmunli va qiziqarli o‘tishiga DMTT xodimlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiq va raqslar asos bo‘ldi.
Nozima Po‘latova,
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 325-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori