“Central Asia — 2021”: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari”
O‘zbekiston Milliy kutubxonasining XIV xalqaro konferensiyasi, Mustaqil Davlatlat Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning gumanitar hamkorligi bo‘yicha “Kitob va mutolaa — jamiyat taraqqiyotining strategik resursi” mavzusida forumi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 150 yillik yubileyini nishonlash, “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimlari 2021-yilning 19–21-may kunlari Toshkent shahrida o‘tkazildi.
Konferensiyaning maqsadi — fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot resurslarini rivojlantirish va qo‘llashda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar faoliyatining hamjihatlikda ko‘p yillar samarali hamkorlikda faoliyatini kengaytirish, kutubxonalar ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yo‘llarini izlashdan iborat.
Xalqaro konferensiyada Rossiya, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon, Belorussiyadan soha mutaxassislari ishtirok etmoqda. Konferensiya dasturi doirasida kitobxonlik masalalari, kutubxonachilikni oldida turgan istiqboldagi vazifalar hamda sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalarga bag‘ishlangan ilmiy sho‘balar, amaliy seminarlar, mahorat darslari onlayn va offlayn tashkil etildi. Tadbir 6 sho‘badan iborat. 1-sho‘ba — Raqamlashtirish davrida mutolaa madaniyati, 2-sho‘ba — axborot texnologiyalari asrida arxivlar va muzeylar rivojlanishining dolzarb masalalari, 3-sho‘ba — axborot-kutubxona xizmatlarida innovatsion usullar, 4-sho‘ba — zamonaviy kutubxona boshqaruvi, 5-sho‘ba — elektron ilmiy-ta’lim axborot resurslari, 6-sho‘ba — kutubxona xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish muammolari hamda istiqbollari mavzularini qamrab oladi.
Ushbu yirik tadbirlarda respublikamizdagi axborot-kutubxona muassasalarining bugungi kundagi holati, sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi, tajribalari, muammolari tahlil qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
Tadbir davomida quyidagi vazifalar: axborot-kutubxona muassasalari faoliyatida bolalar va yoshlarni o‘qishga jalb etish bo‘yicha eng muvaffaqiyatli uslubiy ishlanmalarni tatbiq etish, kitoblar va kitobxonlikni ommalashtirish va rag‘batlantirishga ko‘maklashuvchi uslubiy ishlanmalar uchun yagona platformani shakllantirish, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar o‘rtasida qo‘shma xalqaro loyihalarni tashkil etish, kitoblar targ‘iboti va o‘qish bo‘yicha nashrlar orqali hamkorlikni faollashtirish kabilar belgilandi.
1870-yil may oyida Toshkent ommaviy kutubxonasi sifatida ochilgan kutubxona fondi o‘sha davrda 1200 nomdagi 2200 dona kitobdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilga kelib uning umumiy fondi 7,5 mln.ga yaqin axborot-kutubxona resurslaridan iborat bo‘ldi. 1948-yilda kutubxonaga Alisher Navoiy nomi berilgan bo‘lib, 2012-yil 20-martdagi “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi — Axborot-resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kutubxona tarkibi yangilandi, uning bo‘limlari va xizmatlari takomillashtirildi. Kutubxona hozirgi kunda mamlakatdagi barcha axborot-kutubxona muassasalari uchun markaziy va metodik markaz bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Dilafro‘z ABDURAJABOVA