Chorvachilik rivoji
Chorvachilik rivoji
Ispaniyaning “OVIGEN” va “WES” kompaniyalari vakillari"WES" konsorsiumi prezidenti janob Xose Antonios Esteban Villegas, Chorvachilikni nazorat qilish va gigiyena xizmati boshlig‘i Santyago de Kastro Alfaguyeme, shuningdek Xose Manuyel Vaskes Ernandes, Xuan Alberto Sanz Moneo, Xalqaro biznes loyihalarini rejalashtirish va ishlab chiqish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘limi mutasaddisi Dmitriy Il’inlardan iborat delegatsiya Samarqand Veterinariya meditsinasi institutiga tashrif buyurdi. Respublika Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining taklifiga ko‘ra, mazkur delegatsiya Qorako‘lchilik sohasidagi amaliy hamkorlik loyihalari va dasturlarini muhokama qilish, amaliyotga joriy etish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni ommalashtirish maqsadida mamlakatimizda mehmon bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kompaniyalar Ispaniya Qirolligining naslchilik va genetika sohasida yetakchi kompaniyalaridan sanalib, ular yaratgan qo‘y (ASSAF) zoti mahsuldorligi yuqoriligi bilan ajralib turadi.
Kompaniya genetika sohasida katta tajribaga ega va bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarga urug‘ va embirionlarni eksport qiladi.
Delegatsiya vakili, chorvachilik sanoatida nasl va genetikani takomillashtirish bo‘yicha 30 yildan ortiq tajribaga ega mutaxassis, Naslchilik va genetik takomillashtirish markazining veterinariya va reproduksiya bo‘limi direktori janob Xose Manuyel Vaskes Ernandesning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniyada bu soha ancha rivojlangan. Mamlakat iqtisodiyotida xususiy tarmoq ulushi davlatnikidan katta, erkin raqobat muhiti o‘shaklangan va bu holat chorvachilik rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mahsuldorligi yuqori bo‘lgan chorva zotlarini yaratish va mavjudlarining biologik imkoniyatlarini takomillashtirish borasida kompaniyalar tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan erkin xarid qilinadi.
Ispan mutaxassislarining fikricha, chorvachilikda genetika va naslchilikning ilmiy asoslarini rivojlantirmasdan samarali faoliyatni ta’minlash imkonsizdir. Buning uchun esa zamonaviy loboratoriyalar, malakali mutaxassislar hamda bozor iqtisodiyoti qonunlari asoslangan sog‘lom raqobat muhiti zarur.
Tashrif davomida mehmonlar ayni kunda soha bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Samarqand Veterinariya meditsinasi instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ta’lim maskani salohiyati, mavjud o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, professor o‘qituvchilar, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida ma’lumot olindi.
Mamlakatimizda mayda shoxli mollarni zamonaviy usulda sun’iy urug‘lantirish, ularning genetik bankini yaratish, embrionlarni laboratoriya usulida ko‘paytirish bo‘yicha Ispaniya tajribasi asosida zamonaviy naslchilik laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida hududlarda mayda shoxli nasldor mollar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi qorako‘lchilik naslchilik jamiyatlari, naslchilik ilmiy tajriba stansiyalari hamda klasterlar faoliyati o‘rganilib, sohada amalga oshirilayotgan seleksiya ishlari va tajribalar muhokama qilinadi.
O‘zbekistonda mayda shoxli mollarni ko‘paytirish, ularning zotini yaxshilash hamda mayda shoxli mollar ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha yangicha yondashuvlar bo‘yicha takliflar o‘rganiladi.
SamVMI Axborot xizmati