DOʻSTLIKNI ULUGʻLASH - BEBAHO NEʼMAT
Tadbir
DOʻSTLIKNI ULUGʻLASH - BEBAHO NEʼMAT
Maʼlumki, koʻp kitob oʻqigan, til bilgan inson maʼnan boy va yuksak bilim sohibiga aylanadi. Mamlakatimizda Yurtboshimiz rahnamoligida xorijiy tillarni, ayniqsa, ingliz tilini oʻrganishga boʻlgan intilish juda yuqori darajada. Zotan, dunyoga chiqish uchun, dunyo xalqlari bilan yuzma-yuz muloqotga kirisha olish uchun ham ingliz tilini mukammal bilish ayni haqiqatdir.
Bekobod shahridagi 16 - umumtaʼlim maktabida “We are the world” mavzusida oʻtkazilgan ingliz tili tadbirini ishtirokchilar uzoq vaqt eslab yurishadigan boʻlishdi. Mahoratli ingliz tili fani oʻqituvchisi Raʼno Boyboʻtayeva tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur yigʻinga barcha shahar maktablarining, qolaversa hududlardagi ingliz tili fani mutaxassislarining jalb etilganligi koʻpchilikda iliq taassurot qoldirdi.
Eʼtiborli jihati shundaki, muallimaning oʻziga xos saʼy-harakati bilan oʻquvchilarga ingliz tilida soʻzlashuvchi Yevropa va Amerika mamlakatlari xalqlarining urf-odati, udumlari, madaniy hayoti toʻlaqonli singdirildi va bu jihatlar sahna koʻrinishlarida namoyish etib berildi. Ayniqsa, hindu qabilalari hayotini aks ettiruvchi koʻrinishlar jozibali chiqdi. Tadbir davomida maktab oʻquvchilari xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va yaqinlikni madx etuvchi qoʻshiq va raqslarni ingliz tilida ijro etishdi, inglizcha sheʼrlar jarangladi.
Ingliz tili fan oyligi doirasida faol qatnashgan, til musobaqalarida zukkolik koʻrsatgan oʻquvchilar, alohida sinflar shahar xalq taʼlimi boʻlimi va maktab maʼmuriyatining diplom va estalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi. Ingliz tilini targʻib qilishga bagʻishlagan ushbu marosim chin maʼnoda doʻstlik bayramiga aylanib ketdi.
ASHURALI BOYMUROD