Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Аkmalxo‘ja Mavlonov maktab o‘quvchilari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi А kmalxo‘ja Mavlonov maktab o‘quvchilari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi
Yaqinda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi А kmalxo‘ja Mavlonov Qoraqlapog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bojxona organlariga biriktirilgan maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.
Xabaringiz bor, 2022-yil 17-fevral kuni bojxona tizimini yanada isloh qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev juda muhim va hayotiy tashabbusni ilgari surdilar, yaʼni har bir viloyatda bittadan maktabni tanlab, yoshlarni bojxona sohasiga o‘quvchilik davridanoq qiziqtirishga qaratilgan keng miqyosdagi harakatlar boshlab yuborildi.
Muloqotda taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda taʼlim tizimiga alohida eʼtibor qaratilmoqda, zamonaviy jihozlangan, barcha sharoitlarga ega, qishloq va shaharlar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgan maktablar soni kundan kunga ortib bormoqda. “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan ezgu g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan bojxona organlariga xalq taʼlimi tizimi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan berilgan topshiriq aslida yuksak ishonch bo‘lib, bojxona organlari shaxsiy tarkibiga sharaf va quvonch bag‘ishladi.
Hozirda bojxona organlariga biriktirilgan 14 ta maktabdagi 290 ta sinfda tahsil olayotgan 8,5 ming nafardan ziyod o‘quvchilarni bojxona ishiga qiziqishini oshirish, ularni kasbga yo‘naltirishga qaratilgan ishlar boshlab yuborildi.
Jumladan, 53 ta ko‘rgazmali targ‘ibot tadbirlarining 31 tasi bevosita maktablarda, 22 tasi esa bojxona boshqarmalari va postlarida o‘tkazildi.
Natijada, hozirga kelib 89 nafar o‘quvchi Bojxona institutiga o‘qishga kirish harakatini boshlashdi. Ularning 42 nafari qiz bolalar ekanligi yana ham quvonarlidir.
Taʼkidlash lozimki, bunday hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad – bojxona organlariga iqtidorli va istiqbolli kadrlar tayyorlashdir.
O‘quvchilar bolalik paytidanoq bojxona tizimining ichiga kirib borar ekan, bojxonachi kasbi naqadar mashaqqatli va sharafli ekanligiga shaxsan guvoh bo‘ladi, bojxona ishi bilan tanishishda ilm, raqamli texnologiyalar va chet tillarini bilish ertangi kelajagi uchun qanday zarur ekanligini anglaydi.
Shu bilan birga “Yoshlikda olgan bilim, toshga o‘yilgan bitik” qabilida bojxona ishi bo‘yicha mustahkam ko‘nikma va bilimga ega bo‘ladi. Eng asosiysi esa har bir o‘quvchi yoshligidan o‘ziga munosib hayot yo‘lini tanlaydi. Buning natijasida esa bojxona tizimga sadoqat, Vataniga bo‘lgan mehri kun sayin ortadi.
Biriktirilgan maktablarni yuqori malakali o‘qituvchilar bilan jamlab, ularni qo‘shimcha o‘qitib, milliy va xalqaro sertifikatlar olishiga ko‘maklashish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi va Xalq taʼlimi vazirligining qo‘shma qarori qabul qilindi hamda xalq taʼlimi tizimi bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Endilikda maktab o‘qituvchilar bilan birga bojxona ishi yo‘nalishida taʼlim va tarbiya ishlarini tizimli tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi.
Yana bir yangilik Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bojxona organlariga biriktirilgan 14 ta maktabda bepul WI-FI tizimi yo‘lga qo‘yilishi maʼlum qildi.
— Vatan ostonadan, davlat himoyasi – bojxona chegarasidan boshlanadi, dedi yoshlarga murojaat qilar ekan DBQ Raisi А kmalxo‘ja Mavlonov. — Bojxonada mard, jasur, ona tuprog‘ini muqaddas biluvchi, Vatan uchun jonini beradigan, uni himoya qiladigan, fidokor xodimlargina ishlay oladi. Tadbir so‘ngida xorijiy tillarni biladigan, axborot texnologiyalarni mukammal o‘zlashtirgan, yangilikka qiziqadigan, shijoatli yoshlar uchun bojxona organlari eshiklari doim ochiq ekanligini aytib, o‘quvchilarga o‘qishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi