"Direktor meni urdi" nomli maqolaga rasmiy munosabat bildirildi
Rasmiy munosabat
“Ma’rifat” gazetasining 2021-yil 4-oktabr kungi sonida “Meni direktor urdi” sarlavhali maqola e’lon qilinib, aynan ushbu voqe’lik va holat boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham yoritildi.
Gazetada e’lon qilingan maqola va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda O‘zbekiston tumanidagi 13-maktabning musiqa fani o‘qituvchi Z.Komiljonova maktab direktor F.Isroilova tomonidan tarsaki yegani, shundan so‘ng o‘qituvchining qon bosimi oshib ketgani va voqeaga oid boshqa tafsilotlar ham bayon etilgan.
Ushbu noxush voqelik va mavjud vaziyat O‘zbekiston tumani hokimligi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan o‘z vakolati doirasida nazoratga olingan.
Xususan, holatni batafsil o‘rganish va tegishli chora-tadbirlar belgilash maqsadida o‘rganish guruhi shakllantirilib holatga oid barcha tafsilotlar tegishli tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Bu borada viloyat halq ta’limi boshqarmasining o‘rganish xulosasi to‘g‘risidagi 2021-yil 5-oktabr kungi xati Xalq deputatlari O‘zbekiston tumani Kengashiga taqdim etildi.
Viloyat halq ta’limi boshqarmasining mazkur xatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6108-sonli farmoni hamda Xalq ta’limi vazirligining 2020-yil 25-dekabrdagi 325-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni tavsiya etish va ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra lavozimidan ozod etish yuzasidan Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga taklif kiritish tartibi to‘g‘risidagi” Nizomga asosan Xalq deputatlari tuman Kengashida muhokama o‘tkazib, maktab direktori F.Isroilova bilan tuzilgan mehnat shartnomasini O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi (xodimning o‘z mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi) tartibida bekor qilishga rozilik so‘ralgan.
Xalq deputatlari O‘zbekiston tumani Kengashi kotibiyati muvofiqlashtirib borayotgan mazkur masala yuzasidan kecha, 7-oktabr kuni bevosita 13-maktabning o‘zida tuman Kengashining “Ijtimoiy madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi”ning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda doimiy komissiya a’zolaridan tashqari, ta’lim sohasida faoliyat yuritadigan yana bir guruh deputatlar, maktab o‘qituvchilari va ilm dargohining faxriy ustoz-murabbiylari ham ishtirok etishib, ushbu masala yana bir bor batafsil muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan doimiy komissiya o‘z xulosasini tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi muhokamasiga kiritish uchun taqdim etdi.
Endilikda, Xalq deputatlari O‘zbekiston tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida mazkur masala ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinishi belgilangan.
O‘zbekiston tumani hokimligi