EH, SODDA ODAMLAR, SODDA ODAMLAR yoxud tarmoqli marketing nayranglari
Bir keksa onaxon Toshkentda mehmon bo‘lib qishlog‘iga qaytganda uni ko‘rgani ko‘plab qarindoshlari kelishibdi. Ular onaxondan Toshkent sizga yoqdimi, deb so‘rashganida “Yaxshi joylar ekan-u, ammo osmoni juda past ekanda, samolyotlar shundaygina boshim ustidan uchib o‘tdi”, degan ekan.
“Nwork International”, “Silkway Group Uzbekistan”, “Life Network System”, “Gano”, “Viva Group USA”... Bu ro‘yxatni juda uzoq davom ettirish mumkin. Ularning ish olib borish tartibi tarmoqli marketingga asoslangan. Shu o‘rinda tarmoqli marketing xususida ba’zi mulohazalarni keltirib o‘tsam.
Ishlash tizimi qanday?
Tarmoqli bozor dasturi hamma joyda o‘xshash yoki bir xil. Ya’ni birinchi navbatda qaysidir bir paket (toifa, guruh, daraja) summasini to‘lab xarid qilasiz. Ular odamni shoshirib qo‘yadigan otlar bilan nomlangan bo‘ladi: Kumush karta, Tilla karta, Brilliant, Tadbirkor, Menejer... So‘ngra siz ham odam taklif qilishingiz kerak: o‘ng qo‘lingizga, chap qo‘lingizga tashlaysiz. Ular ham xarid qilishi, taklif qilishi lozim va h.k. Shu tarzda zanjir hosil bo‘ladi. Shogirdlaringiz (taklif qilgan odamlaringiz shunday ataladi) ham, shogirdlaringizning shogirdlari ham siz uchun ishlashadi. Ulardan o‘z ulushingizni olasiz. Bu zanjir uzilishi mumkin emas. Tizim shunday.
Ular sizga nimalarni va’da qilishadi?
Xo‘roz:
— Susambil qanday joy? — debdi.
Eshak:
— Susambil — o‘tning bo‘lig‘i, suvning tinig‘i, unda azob-uqubat yo‘q, maza qilib yurasan, — debdi. (“Susambil” ertagidan)
* * *
Tarmoqli marketing orqali sizga qisqa muddatda boy bo‘lib ketish, xaridlardan ulushlar, keshbeklar, oraliq va boshqaruv mukofotlarini, chet elga sayohat yo‘llanmalari, villalarni va’da qilishadi. Ko‘p takrorlanadigani esa avtomobildir. Istasangiz mashinani, istasangiz pulini olishingiz mumkinligini aytishadi.
Hiylalar
Cho‘qqilar jilvasiga ko‘pam mahliyo bo‘laverma, bolam. Bu tog‘da qashqirlar bor… (Said Ahmad, “Jimjitlik”)
* * *
Tarmoqli marketingda tovar asosiy narsa emas. O‘yinchilar uchun zanjirning bir qismiga aylanish vositasidir. Kirish uchun turli paketlarni xarid qilishingiz kerakligini aytishadi. Ularning qiymati har xil. Sizga qimmatrog‘ini taklif qilib, shunda ishlashingiz osonroq bo‘lishini aytishadi. Bu ham bir hiyla. Chunki ba’zi joylarda bu ahamiyatsiz bo‘lsa, ba’zi joylarda keyinroq, ya’ni piramidaning yuqorirog‘iga chiqqaningizda ahamiyatli bo‘ladi. Sizning bu cho‘qqiga erishishingiz mavhum narsa. Mabodo keyinroq zarurat bo‘lsa ham o‘z hisobingizdan emas, balki boshqalarning xarididan paketingiz qiymatini oshirib olishingiz mumkin. Sizning kattaroq paketni, toifani xarid qilib kirishingiz faqat sizni taklif qilayotganlar uchun foydalidir. Shuning uchun qimmatrog‘ini olishingizni istashadi. Ish jarayonida o‘zingiz ham tushunib yetasiz va sizga qilishganini siz ham o‘zgalarga qilasiz! Bu uzluksiz davom etadi. Mabodo ishlolmay chiqib ketsangiz ayb sizda bo‘ladi: harakat qilmagansiz! Ammo xaridingiz orqali piramidaning tepadagilariga baribir foyda yetkazdingiz. Ishlamay qo‘yganingizdan tashvishlanishmaydi: siz bo‘lmasangiz boshqasi. Sizga din-u diyonatdan gapirishadi, muhimi halollik ekanligini bot-bot takrorlashadi. Jalb
qilish uchun quyidagi mazmundagi gaplar bo‘ladi: agar kompaniya sog‘lomlashtirish vositalari savdosi bilan shug‘ullansa, “Bizning mahsulotlar orqali odamlarga manfaat yetkazasiz. Siz sabab bo‘lib og‘ir bemorlar tuzalib ketadi. Butun umr sizga rahmat aytib yuradi” deydi. O‘zlarining og‘rib qolganliklari-yu jarohatlarini eslab, sotayotgan vositalari orqali tuzalib ketishganini aytib berishadi. Hammasida uchrashi mumkin bo‘lgan gaplar esa bunday: “siz o‘qishni bitirib diplom olganingizdan keyin bir-ikki yil kam maosh bilan ishlaysiz, agar kontraktda o‘qigan bo‘lsangiz o‘sha oyliklaringiz ham o‘qishga to‘langan pullar o‘rniga o‘tib ketadi. Bu turishda oilani qanday ta’minlaysiz? Ota-onangizni hajga yuborish uchun pul orttirolmaysiz bu yurishda. Axir ularni hoji qilishingiz kerak”.
Shu zayl miyangiz ichiga kirib borishadi. Sizni asir qilishadi.
O‘zlarini qanday oqlashadi?
Bir kishi mayiz cho‘piga qarab turib: “Eh-he, qanday qilib erinmasdan mayizlarga cho‘p (cho‘pak) qadab chiqishgan ekan-a” degan ekan.
* * *
Tarmoqli marketing ish tizimini shunday ifodalab berishadi: “Masalan, ruchkani olaylik. Uning zavoddagi narxi 10 so‘m. U yerdan chiqqach o‘rtada qo‘lma-qo‘l yurib, savdogarlar, chayqovchilardan o‘tib sizga 100 so‘m bo‘lib keladi. O‘rtada 90 so‘m oshadi. Bizda esa o‘sha pulni o‘zingiz olasiz. Ishlab chiqaruvchi bilan xaridorni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laysiz”.
Oqibatlari
Tushibsan bu so‘qmoqqa, ko‘narsan bu to‘qmoqqa. (Maqol)
Xashakdan hasham bichma, yolg‘ondan qasam ichma. (Maqol)
* * *
Aksar hollarda tannarxi past mahsulotlarni qimmat narxda xarid qilasiz. Odam taklif qilish uchun juda ko‘p vaqt isrof bo‘lib ketishini mutaxassislar aytishadi. Bir necha yil muqaddam Islom.uz saytida berilgan Robert Fitzpatrickning tarmoqli marketingdagi 10 ta yolg‘onni fosh qiluvchi materialini o‘qidim. Unda shunday jumlalar bor: “Do‘stlar va qarindoshlarni shaxsiy tijorat vositasiga aylantirish ular bilan sizning o‘rtangizdagi munosabatlarga putur yetkazib qo‘yishi mumkin. “Marketing bosimi” o‘tkazaman deb do‘stlaringizdan ayrilib qolishingiz, mahsulotimni o‘tkazaman deb ularning joniga tegib qolishingiz hech gap emas. Shu gaplarga ishonib o‘tiribsizmi? Aynan Sizdan aynan Sizning mahsulotingizni sotib olmoqchi bo‘lib yurganlar juda ko‘p deb o‘ylaysizmi?”. Demak, odamlar orasiga sovuqchilik tushishi ehtimoli ham bor.
Muqaddas dinimiz va ulamolarimiz nima deydi?
Haqiqat deb bilganimiz va haqiqat o‘rtasida farq bo‘lishi mumkinligini ham o‘ylab ko‘rmoq kerak.
* * *
Ulug‘ ulamolarimizdan biri Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining tarmoqli marketing haqidagi maqolasiga murojaat qilamiz (Manba – Islom.uz). Maqolada Shayx hazratlari “QuestNet” tarmoqli marketingi misolida umumiy qoidalar va hukmlarni berib o‘tgan. Hamda nomi zikr etilgan tarmoqli marketingning ish olib borish tartibini keltirib o‘tadi: “Bir kishi ishga kirishi uchun shu kompaniyaning cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan mahsulotidan birini sotib olishi shart. Mahsulotning eng arzoni 670 dollar. So‘ngra u yana boshqa odamlarni shu kompaniya mahsulotidan sotib olishga jalb qilishi kerak. U odamlar ham har biri ikkitadan odam jalb qiladi va hokazo....
Shunday qilib, piramida hosil bo‘ladi. Kompaniyaga tushgan pulning ma’lum foizi piramidadagi odamlarga berib turiladi. O‘ng va chap tomoniga teng uchtadan olti odamni jalb qilgan odamga kompaniya 250 dollardan beradi”. Xo‘sh, shakl hozirgi tarmoqli marketingchilar taklif qilayotgan ish olib borish tartibi bilan o‘xshashmikan? Maqolaning davomida o‘qiymiz: “Ko‘pchilik Islom ulamolari “QuestNet” tarmoqli marketingining ish faoliyatini harom deb fatvo berishgan. Masalan, Misrdagi Al-Azhar universitetining Islom iqtisodiyoti professori Husayn Shahhata, Qatar davlat universitetining Islom shariati fakulteti professori Ali Muhiddin Qoradog‘iy, Saudiya Arabistoni fatvo qo‘mitasi tarmoqli marketingning barcha ish yo‘nalishlarini harom deb fatvo chiqarganlar”. Tarmoqli marketingchilar bu fatvolarni eshitgach ham har xil bahonalar to‘qiy boshlashadi. Qaysidir ulamoning ma’qullab fatvo berganini aytishadi. Mahsulotlarining halol degan sertifikatlarini ko‘rsatishadi. Ammo e’tibor bering, ularni kim bergan, haqiqiy shakli bormi? Mayli ular haqiqiy deb hisoblanganda ham faqat tovarlarning halolligini isbotlaydi. Gap esa ishni olib borish shakli haqida, ya’ni tarmoqli marketing haqida ketyapti-ku? Keyingi tug‘ilajak oqlovlarning oldini olish uchun Shayx hazratlarining maqolasidan yana ko‘chirma qilsam: “Ba’zilar bunday savdoni dallollik bilan tenglashtiradilar. Bu noto‘g‘ri, chunki dallol birovning molini sotib bergani uchun ma’lum miqdorda pul oladi. Tarmoqli marketingda esa birovning molini sotish uchun kirish puli to‘lanadi. Dallollikdan maqsad o‘z molini tezroq sotish, tarmoqli marketingdan maqsad esa piramida a’zolarini ko‘paytirish. Oradagi farq ochiq-oydin ko‘rinib turibdi”.
Samariddin YO‘LDOSHOV,
O‘zJOKU talabasi