“Erkin Vohidov” ijod maktabida Farg‘onada “Erkin Vohidov kunlari” mavzusida adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Dekabr oyi Farg‘onaga o‘zgacha nafas va ijod ruhi olib kiradi. Sababi, har yil shu oyda Farg‘ona viloyati Erkin Vohidov oyligi doirasida ijod va adabiyot bayramlariga mezbonlik qiladi.
Bugun, 23-dekabr kuni viloyat ijodkorlar bog‘i qoshidagi Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi va Erkin Vohidov memorial muzeyida “Erkin Vohidov kunlari” mavzusida adabiy-badiiy tadbir hamda Erkin Vohidov stipendiyasi sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Dastlab shoirning memorial muzeyida adibning nabiralari Sherzod Erkinlar va Faxriyor Vohidov, shogirdi, yozuvchilar uyushmasi a’zosi Bahodir Iso, jurnalist Nigora Umarova, muzey mudirasi Mamlakat Haydarova hamda ijod maktabi direktori Nigoraxon Mannopova ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Suhbat asnosida ijod maktabi tomonidan tashkil etilgan “O‘zbegim” ko‘rsatuvining ham suratga olish ishlari amalga oshirildi.
Kunning ikkinchi yarmida o‘tkazilgan tadbirda ko‘plab ijod vakillari va maktab o‘quvchilari ishtirokidagi she’r va qo‘shiqlar yangradi. Tadbir davomida ijod maktabida o‘z bilimi va ijodi bilan faollik ko‘rsatgan 11-sinf o‘quvchilari Hojiakbar Ziynatshoyev (ijod yo‘nalishida) hamda Dilafro‘z Toshpo‘latova (ilmiy yo‘nalishda) Erkin Vohidov stipendiyasi sovrindorlari sifatida shoirning oila a'zolari ishtirokida taqdirlanishdi.
Bundan tashqari, shu kunning o‘zida Erkin Vohidov ijod maktabida faoliyat yuritayotgan ilmiy-adabiy to‘garaklarning sarhisob anjumani ham bo‘lib o‘tdi. Anjuman doirasida to‘garaklar faoliyati va to‘garak a’zolarining ijodiy ishlari bilan tanishtirib o‘tildi.
O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar yurtimizning boshqa maskanlarida ham davom etadi.