Everestni zabt etgan Denisenko
Everest (Jomolungma)ni zabt etgan 37 yoshli oʻzbekistonlik alpinist bilan barcha yurtdoshlarimiz faxrlansa arziydi. Zero, sportchi 8848 metrga sayyoraning eng baland choʻqqisiga Oʻzbekiston bayrogʻini qadadi. Kuni kecha Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Everest choʻqqisiga chiqqan Sergey Denisenkoni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda Avaz Karimov boshchiligidagi Turizm va sport vazirligi mutasaddilari, MOQ vakillari, Sergey Denisiyenkoning yaqinlari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Aytish mumkinki, oʻzbekistonliklar Everestni ilk bor 1998-yilda zabt etishgan, 23 yil avval Ilyas Tuxvatullin va Andrey Zaikin choʻqqiga koʻtarilgan edi. Bu gʻalaba oʻzbekistonlik alpinistning Nepal tomonidan birinchi marta ushbu choʻqqiga chiqishidir. Sportchi buni Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligiga hadya qilgan. Ushbu muvaffaqiyat uchun Sergey Denisenko “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan mukofotlandi. Turizm va sport vazirligi binosida boʻlib oʻtgan taqdirlash marosimida S.Denisenkoga Prezident sovgʻasi — Trailblazer topshirildi.
Sh.Boymurodova