Favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish hamda tizimni yanada takomillashtirish
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 29-oktabrdagi “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonuni, 2019-yil 29-oktabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6097-sonli Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida, mamlakatimizda bugungi kunda barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarish, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni yechishda fan va ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlash, ta’lim tizimini rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyot taraqqiyotiga alohida e’tibor qaratilmoqda va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 19-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish hamda tizimni yanada takomillashtirish” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Anjumanda “O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati”, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Bosh boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi FVV Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishni boshqarish xizmati, O‘zbekiston Respublikasi FVV “Xavfsiz daryo” DUK mas’ul xodimlari, FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, FVV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – respublikamizda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, yong‘in xavfsizligini ta’minlashdagi mavjud muammolar va yong‘inga qarshi muhofazani takomillashtirish, favqulodda vaziyatlar profilaktikasi samaradorligini oshirish, sohaga yangi innovatsion texnologiyalarni qo‘llash amaliyotini yanada kuchaytirish, ilg‘or xorijiy tajriba hamda texnologiyalar asosida sohani jadal innovatsion rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida o‘zaro ilmiy-ijodiy hamkorlik muhitini rivojlantirish, o‘zaro fikr-mulohaza va tajriba almashishlari uchun sharoit yaratib berish, yoshlarni fan-texnika taraqqiyoti yo‘lida birlashtirish hamda yosh olimlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iboratdir.
Tadbirni Akademiya boshlig‘i, general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, ilm-fan va ta’lim tizimida innovatsion va texnologik g‘oyalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotganligini, shuningdek, mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish masalasi dolzarb ekanligi, bu borada soha xodimlari tomonidan mavjud muammolarni yechimiga alohida e’tibor qaratilayotgani va bir qator ilmiy izlanishlar olib borilayotganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, jamiyatimizning har bir a’zosidan innovatsion yondashuvni, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar yaratishni taqozo etayotganligini aytib, bu borada davlatimiz rahbarining “Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innova t siya bo‘lmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish bo‘lmaydi. Bu sohadagi o‘zgarishlarni xalqimizga keng targ‘ib qilmasak, odamlarda ko‘nikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo‘lolmaymiz” degan muhim so‘zlarini e’tirof etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan, mamlakatimizda aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha soha xodimlari tomonidan samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, yong‘inlarga qarshi kurashish kompleks tizimi shakllantirilayotgani, shu jumladan, yong‘in va avariya-qutqaruv texnikasi va jihozlarining mahalliy turlari ishlab chiqarilishini rivojlantirish orqali moddiy-texnik baza bosqichma-bosqich mustahkamlanayotganini, shu bilan birga sohada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish, ilmiy ishlanmalar va ixtirolarni amaliyotga keng va samarali tatbiq etishni yanada jadallashtirish lozimligi qayd etildi. — Ilm-fan – har qanday davlatning bugungi kuni va kelajagini belgilaydigan muhim sohadir. Yangi O‘zbekistonda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda deydi — FVV Akademiyasi o‘qituvchisi kapitan Mansur Boyxo‘rozov — Akademiyada o‘tkazilayotgan mana shunday anjumanlar zamirida ham, yoshlarni sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlariga qaratilgan dolzarb masalalarga yanada qiziqtirish va ularning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash yotadi.
Mayor Farhodjon XOJAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi katta o‘qituvchisi