Favqulodda vaziyatlarni oldini olish bo'yicha ilmiy-amaliy anjuman o'tkazildi
Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi 78-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan 2021-yilda oʻtkaziladigan resublika miqyosidagi ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejasi”ga asosan joryi yilning 25-avgust kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazida onlayn tarzda respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.
Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekiston Respublikasi FVV Qutqaruv kuchlari va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish xizmatini tashkil qilish bosh boshqarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, Samarqand boshlangʻich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi hamda Akademiyaning professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlar ishtirok etdi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad – respublikamizda favqulodda vaziyatlar, xususan yongʻin xavfsizligini taʼminlash, mavjud muammolar, ularning yechimi va yongʻinga qarshi muhofazani takomillashtirish, oʻzaro hamkorlikni yaxshilash, tajriba almashish, oʻtkazilgan muhokama natijalarini kelgusida sohada kadrlar tayyorlash tizimining oʻquv jarayoniga tatbiq qilish, shuningdek, bu sohada samarali ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bilan bir qatorda, respublikamizda yongʻin xavfsizligi sohasida olib borilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka targʻib qilishdan iborat.
Anjumanni Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshligʻi general-polkovnik Qobul Berdiyev kirish soʻzi bilan ochib, sohada mavjud muammolar, ularning yechimi va favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasini takomillashtirish hamda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijalari va kelgusidagi vazifalar xususida soʻz yuritdi.
Anjumanda soʻzga chiqqanlar – Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlash masalalari, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar profilaktikasini taʼminlashning dolzarb muammolari, Oʻzbekistonda aholini va funksional xizmatlarni kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarga tayyorlash, oʻrmon yongʻinlarini oʻchirishni tashkillashtirish, shuningdek, aholi koʻp yigʻiladigan maskanlar yongʻin xavfsizligini taʼminlash borasidagi muammolar xususida keng qamrovli fikr-mulohazalar bildirdilar.
Anjuman yakunida, anjuman ishtirokchilari respublikamizda favqulodda vaziyatlarni oldini olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlashda mavjud muammolar yuzasidan qiziqtirgan savollariga maʼruzachilar tomonidan atroflicha javoblar oldilar.
Farhojon XOJAYEV,
Akademiya katta oʻqituvchisi, kapitan.