G‘afur G‘ulom xotirasi
G‘afur G‘ulom xotirasiga hurmat ko‘rsatildi
2022-yil 10-mayda O‘zbekiston xalq shoiri, akademik Gʻafur Gʻulom tavallud sanasi munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati tomonidan shoir uy-muzeyiga adabiy press-tur tashkil etildi. Press-turning yangiligi shundaki, har kuni 10 000 qadam yurish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi Piyodalar klubi faollari sanalgan yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos-u jurnalistlar va umuman boshqa soha vakillari Yozuvchilar uyushmasi binosidan Gʻafur Gʻulom uy-muzeyiga qadar piyoda bordi. Ular yo‘l-yo‘lakay Adiblar xiyobonidagi shoir haykali poyiga gul qo‘ydi.
2003-yilda Gʻafur Gʻulom tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra qad ko‘targan ushbu haykal dastlab shoir nomidagi bog‘ga o‘rnatiladi. 2022-yilda esa Prezidentning tegishli qarori bilan yodgorlik poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboniga ko‘chirildi. Ayni paytda haykal Toshkent davlat yuridik universitetiga biriktirilgan. Oliy o‘quv yurti shoir nomi ijodi targ‘ibotiga bag‘ishlangan ko‘plab xayrli ishlarni bajarib kelmoqda. Kelgusi yil shoir tavalludining 120 yilligi keng miqyosda nishonlanishi dasturga kiritilgan.
Shundan so‘ng Piyodalar klubi a’zolari jo‘r bo‘lib Gʻafur Gʻulom qalamiga mansub she’rlaridan aytdi, adabiy gurunglar qilindi.