“HAR KUNING NAVRO‘Z BO‘LSIN, JONAJON O‘ZBEKISTONIM
“HAR KUNING NAVRO‘Z BO‘LSIN, JONAJON O‘ZBEKISTONIM!”
Bugun yurtimizda bahoriy kayfiyat, Navro‘z – yangi kun shukuhi ufurib turibdi. Ertalabdan poytaxtimizning “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Navro‘z tantanalari boshlandi.
Fayzli bog‘ gullar va bayram kayfiyatidagi insonlar bilan to‘ldi. Bunda turli sohalarda yurtimiz rivoji uchun hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz, xususan, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament va hukumat a’zolari, turli hududlardan mehmonlar, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari birgalikda umumxalq bayramni nishonlashga yig‘ildi.
Bayram tadbiriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, xalqimizni samimiy tabrikladi.
– Bugun bepoyon Vatanimizning voha va vodiylari, shahar va qishloqlari, bog‘ va maydonlarida el-yurtimiz katta shodu xurramlik bilan Navro‘z sayillarini o‘tkazmoqda. Qalblarimiz quvonchga to‘lib turgan ushbu dilbar lahzalarda keksayu yosh jamiki yurtdoshlarimizni chin dildan qutlab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident yurtimiz ravnaqi yo‘lida mehnat qilayotgan jamiki vatandoshlarimizga minnatdorlik bildirar ekan:
– Bugun biz barpo etayotgan ijtimoiy va xalqparvar davlatda mehr-shafqat, saxovat va himmat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur. Toki azaldan “odamiylik diyori” deb shuhrat qozongan Vatanimizda har bir inson xalqimiz va davlatimizning mehri va e’tiborini to‘la his qilib yashasin, – deb ta’kidladi.
Shuningdek, u o‘z nutqida dehqon va fermerlar, sportchilar, yoshlarning yutuqlarini alohida e’tirof etib o‘tdi.
Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi. Falklor-etnografik jamoalar va san’atkorlarning chiqishlari, milliy o‘yin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashdi.
Tantanadan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy madaniyat markazlari va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalarini kuzatdi. Bayramga kelgan odamlar bilan suhbatlashib, ularni tabrikladi.