IMKONIYATI CHEKLANGANLARGA CHEKLANMAGAN IMKONIYATLAR!
Jajji ko‘zlari ila dunyoga hayrat bilan boqib turgan bolalar ertangi kun egalari desak adashmaymiz. Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi 18 yildirki, nuqsoni bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini jamiyatimiz a’zosi sifatida yetishishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Bugun 3-iyun kuni markaz hovlisida “1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” hamda “5-iyun — Butunjahon atrof muhit kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamkorligida “Murg‘ak qalblar ona tabiat bilan hamnafas” shiori ostida bolalar uchun ko‘ngilochar tadbir o‘tkazildi.
Tadbirni ochib berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi Spikeri O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Xayrullo G‘afforov, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi direktori Vasila Alimova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nosirjon Aminov, “Orient Ceramic” MCHJ ta’sischisi Ulug‘bek Rasulov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi Sevara Fayziyevalar nutq so‘zladilar.
– Bizga 1 oy davomida faqatgina imkoniyati cheklangan bolalarni taxminan 150 tasi qatnaydi. Bu jarayon oylar, yillar davomida amalga oshiriladi. O‘tirolmagan bolalar o‘tirishni, yurolmaydigan bolalar yurishni, gapirolmaydiganlari esa gapira boshlaydilar. Mana bunday bayramlarda biz bolalarni ashula, raqs, musobaqa va o‘yinlar orqali ulardagi ijodiy natijalarini namoyon qilamiz” — deydi AKX rahbari Vasila Alimova.
Markazning Axborot konsalting xizmatiga qatnovchi bolalar tomonidan Ozodbek Nazarbekovning “O‘zbekiston bolajonlari” qo‘shig‘i ijro etildi. 14 yoshli Ozodbek qo‘shiq aytish bilan bolaligidan shug‘ullanib kelgani sabab markaz tadbirlarida faol ishtirok etarkan. Bu bilan cheklanmagan bolakay qiziqishlarini quyidagicha tariflaydi: “Dasturlashga qiziqaman. Bu bilan 2018-yildan beri shug‘ullanib kelaman. Shu kungacha JavaScript dasturlash tili, Adobe Photoshop, Adobe Illustrator kabi dasturlarni o‘rganib o‘z bilimlarimni oshirib kelyapman”.
Tadbir so‘nggida multfilm qahramonlari ishtirokida bolalar ommaviy raqsga taklif qilindi. Tushlikka yaqin kichkintoylarni muzqaymoq va shirinliklar bilan mehmon qilishdi.
Mumtozbegim Abdumo‘minova,
Mehribonu To‘lqinova tayyorladi