IS GAZIDAN SAQLANING
Qishning sovuq kunlarida xonadonlarda pechkalar, gaz yoki turli xildagi yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishga ehtiyoj ortadi. Yoqilg‘i mahsulotlari ichida boshqalariga nisbatan xavfliroq bo‘lgani bu tabiiy gaz hisoblanadi. Tabiiy gazning turli sabablar bilan xona ichiga to‘planishi oqibatida portlash va yong‘in sodir bo‘ladi hamda buning natijasida inson turli tan jarohatlari olishi yoki hayotdan ko‘z yumishi ham mumkin.
Mavsum davomida is gazidan zaharlanish hodisasidan saqlanish muhim hisoblanadi. Is gazidan zaharlanishning dastlabki simptomlari bosh og‘rig‘i, boshning og‘irlashishi, ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi, quloq shang‘illashi, yurak urishidir. Keyinroq bemorning muskullari bo‘shashadi, qusadi. Havosida is gazi bo‘lgan xonada turilganda, odam battar bo‘shashadi, uyqusi keladi, es-hushi xiralashadi, nafasi qisadi. Zaharlangan kishida bu davrda teri qoplamlarinngi oqarishi, ba'zan badanda tiniq qizil dog‘lar paydo bo‘lishi qayd qilinadi. Keyinchalik is gazidan nafas olishda nafas yuzaki bo‘lib qoladi, muskullar tortishadi va nafas markazi falajlanishidan o‘lim ro‘y beradi.
Birinchi yordam. Avvalo, zaharlangan kishini shu xonadan zudlik bilan olib chiqish zarur. Issiq paytlarda uni hovliga olib chiqqan yaxshi. Yuzaki nafas olishda yoki nafas olish to‘xtab qolganda sun'iy nafas oldira boshlash, bu tadbirni bemor mustaqil nafas olgunga qadar yoki ro‘yi-rost biologik o‘lim alomatlari paydo bo‘lgungacha davom ettiriladi. Badanni ishqalash, oyoqlarga grelka qo‘yish, qisqa vaqt nashatir, spirt bug‘larini hidlatish zaharlanish oqibatlarini tugatishga imkon beradi. Zaharlanib qolgan kishilar gospitalizatsiya qilinishi kerak, chunki birmuncha keyinroq o‘pka va asab tizimida og‘ir asoratlar vujudga kelishi mumkin.
Bunday ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishni maqsad qilar ekanmiz, xonadonga pechka o‘rnatilayotgan paytda uning yaxshi va soz holatda ulanishi, gaz jo‘mraklari, plitasi yoki pechkaga nisbatan belgilangan masofada joylanishi, uy ichiga pechka o‘rnatishdan avval mo‘risining sozligini ko‘rib chiqish, gaz jo‘mraklariga bolalarning yaqin kelmasliklari va uni o‘ynamasliklari, qolaversa, inson sog‘ligi va hayoti uchun zararli va xatarli bo‘lgan barcha narsalar to‘g‘risida doimiy o‘rgatib borish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
ShaxnozaTORAXANOVA, O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi Turkiston saroiyi YXTTEB mutaxassisi, oddiy askar.