“Ijod parvozi”
“Ijod parvozi”
Qamashi tumani 80-maktabida O‘ zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi shoir Jamshid Haqberdiyev bilan “Ijod parvozi” mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda maktab o‘quvchilari shoir ijodidan she’rlar o‘qishdi. Kecha davomida shoir bilan savol-javoblar o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
— Ijodkor inson tuyg‘ularga berilivchan bo‘larkan, ko‘ngilchan bo‘larkan. Bolaligimdan o‘sha paytlar men isminiyam bilmaydigan sog‘inch, armon, iztirob degan tuyg‘ular menga adab bergan ekan, qo‘limga qalam tutqazgan ekan. Yetti yoshimda otam foniy dunyoni tark etib onamning ko‘z yoshlariga qorilgan yillar meni ijodkor qilib ulg‘aytirgan ekan, haligacha ana shu tuyg‘ular paydo qilgan dardlar meni ijod qilishga undaydi. K eyinchalik bular sirasiga muhabbat, Vatan sog‘inchi yangicha olam bo‘lib qo‘shildi. So‘z aytish saodati hammaga ham nasib qilavermas ekan. Angladimki, ijodkorda so‘z mas’uliyati bo‘lishi kerak. Ijodkor so‘z zalvorini his qilishi kerak. Vatan, xalq dardi bilan yashashi kerak , — deydi shoir suhbat davomida.
Shuningdek, tadbir davomida mazkur maktabning 9 “B” -sinf o‘quvchisi Shahzoda Do‘smatova o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdi. Shu maktabda tahsil olib, bugungi kunda tadbirkorli k sohasida faoliyat olib borayotgan Erkin Umirov ham o‘z ijodi bilan ishtirok etib o‘quvchilarda she’riyatga ixlos uyg‘ota olishdi.
- B u uchrashuv menda o‘zgacha taassurot uyg‘otdi, ijod namunalarimni sinovdan o‘tkazishimda muhim bosqich bo‘ldi. Shoir she’rlarida kuz manzarasi, sog‘inch, Vatan madhida aytilgan satrlar barchamizga manzur bo‘ldi , — deydi yosh ijodkorlardan Sh.Do‘smatova.
Ijodiy kecha ko‘tarinki kayfiyatda mazmunli va maroqli o‘tdi.
Bozor XO‘JAMQULOV ,
Qamashi tumani dagi 80 - maktab i o‘qituvchisi
***
QAShQADARYo
Temurdayin yurt so`ragan bobolarim,
Kulcha yopib, qo`l kuydirgan momolarim.
Ko`ksimdagi chang-g`uborsiz samolarim,
Yuragimdan oqqan daryo – Qashqadaryo.
Farzandlaring sohibqiron, avliyolar,
Dunyolarga ulashguvchi nur-ziyolar.
She’riyatning darg`alari Abdullolar,
Yuragimdan oqqan daryo – Qashqadaryo.
Tarixingdan so`z ochgaydir yaxshilaring,
Shahri Keshing, Kifti-obing, Qarshilaring.
Madhing aytib tugatolmas baxshilaring,
Yuragimdan oqqan daryo – Qashqadaryo.
So`zlarimni ushshoq qilay kuylaringga,
Sozlarimni sozlab boray to`ylaringga.
Dilimni ko`zmunchoq qilay bo`ylaringga,
Yuragimdan oqqan daryo – Qashqadaryo.
SUKUNAT
Sukunat sitamlar makoni,
Choponga o`ranib uxlar tun.
Suv yanglig` simirib havoni,
Chigirtka ko`zida qotar mung.
Hasratlar izg`iydi darbadar,
Ko`chada hajrlar sarsondir.
Umidlar darvoza tambalar,
Sukunat yomondir, yomondir.
Bir ko`ngil sig`maydi xonaga,
Bir xona ko`ngilga sig`maydi.
Olisda yillarning ortida,
Sarpoychan bir bola yig`laydi.
Kaftida hasratning qo`llari,
Ko`zida kirtaygan ming azob.
Ko`ngilda ulg`ayib boradi,
Iztirob, iztirob, iztirob...
Sukunat sitamlar makoni,
Ko`ngilga aylaydi tortiqlar.
She’r bo`lib quyilar shu oqshom,
Og`riqlar, og`riqlar, og`riqlar...
SOG`INASIZMI?
Siz ham meni sog`inasizmi?
Boqasizmi yo`lga javdirab.
Nigohingiz kipriklarimdan,
Talmovsirab,qo`rqib ,qaltirab...
Siz ham meni sog`inasizmi?
Har ko`rganda yangi va yangi.
Ko`ngligizning oq bayrog`iga,
Tekkanmidi sog`inchning rangi.
Siz ham meni sog`inasizmi?
Cho`kadimi osmon bo`yingiz.
Meni o`ylab yorishadimi?
Zim-zimiston ko`ngil uyingiz.
Boqmay o`tsam sizga-da atay,
Ming to`lg`onib,og`rinasizmi.
Men ham sizni sog`ingan kabi
Siz ham meni sog`inasizmi?
Jamshid Haqberdiyev