Ijodkor yoshlar — yurt kelajagi
Ijodkor yoshlar — yurt kelajagi
Inson qo‘li gul. Uning nozik did ila yaratgan san’at namunalari o‘zining jozibadorligi bilan ko‘ngillarga huzur bag‘ishlaydi. San’atga oshufta dillardan esa hech qachon yomonlik chiqmaydi. Biror asar yaratishga shaylangan insonning ichki iqtidoriga ayni gullagan tabiat g‘oyibona kuch beradi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Yangi O‘zbekistonda yangi iqtidorlar” shiori ostida “Ijodkor yoshlar — yurt kelajagi” deb nomlangan festival-tanlovning maqsad-muddaosi ham aynan yangi iqtidorlarni yuzaga chiqarishga qaratildi.
Darhaqiqat, tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, iste’dodli o‘quvchilarni aniqlash, ular iqtidorini yuzaga chiqarishga ko‘maklashshish va qo‘llab-quvvatlashdir. Tanlovda o‘quvchi yoshlar ehtiyoj va qiziqishlariga muvofiq madaniyat va san’at, texnika, konstruktorlik va modellashtirish, hunarmandchilik va qo‘l mehnati yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zlarining ijodiy ishlari bilan qatnashdilar.
— Mazkur festival-tanlovda tumandagi 34 ta umumta’lim maktablaridan iqtidorli o‘quvchilar o‘z ijodiy ishlari bilan ishtirok etishdi — deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Saida Muzaffarova. — Ular “Madaniyat va san’at” yo‘nalishining tasviriy san’at, liboslar dizayni, “Texnika, konstruktorlik va modellashtirish” yo‘nalishining aviamodel, robototexnika va konstruktorlik, yosh arxitektor hamda “Hunarmandchilik va qo‘l mehnati” yo‘nalishining duradgorlik, kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, munchoqli bezak, to‘qish, mohir qo‘llar kabi turlari bo‘yicha ijodiy asarlarini namoyon qilishdi.
Festival-tanlovda o‘quvchilar juda faol qatnashdilar. Har birining yuz-ko‘zlaridan “mening ishim qanday baholanarkan?” degan hadik aralash orzu-istak mujassamligi bilinib turibdi. Hakamlar hay’ati tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha bir nafar o‘quvchining ikkitadan ijodiy ishi ko‘rib chiqilib baholandi. Gʻolib bo‘lganlar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Festival-tanlovda 1000 dan ortiq o‘quvchi-yoshlar va ularning ota-onalari hamda pedagoglar ishtirok etishdi. Tadbir davomida “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garagi a’zolari tomonidan ijro etilgan qo‘shiq, raqs va sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlar ko‘ngliga bir olam kayfiyat bag‘ishladi.
Gʻofur JABIYEV,
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 207-maktabning
Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi.