Ilk qoraqalpoq tilida
Ilk qoraqalpoq tilida chop etilgan qoʻllanma
Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tayyorlangan qoʻllanmalar ilk bor qoraqalpoq tilida nashr etildi.
Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan 4 nomdagi (“Matematikalíq sawatxanlíq, oqíw sawatxanlíq, tábiyiy pánler boyínsha sawatxanlíǵí, oqíwshílardíń oqíw sawatxanlíǵín bahalaw”) qoraqalpoq tilidagi qoʻllanmalar 200 ta nusxada chop etilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi, tuman xalq taʼlimi boʻlimlari hamda Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan 27 ta tayanch maktablarga yetkazib berildi.
Shuningdek, 180 dona “TIMSS 2019 Baholash qamrov doirasi”, “TALIS tadqiqoti», “PISA 2018 Oʻqish savodxonligi qamrov doirasi”, “PIRLS 2021 tadqiqoti qamrov doirasi”, “TIMSS 2023” nomdagi qoʻllanmalar, tarqatma materiallar va xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan tayanch maktablar uchun “Treninglar oʻquv dastur”lari bepul yetkazib berildi.
Bugungi kunga qadar Milliy markaz tomonidan jami 35 nomdagi qoʻllanma va tarqatma materiallar barcha hududlar qatorida Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi hamda tayanch maktablarga bepul tarzda yetkazib berilgan edi.
Ushbu ishlab chiqilgan qoʻllanma va tarqatma materiallar maktab jamoalari, xususan, fan oʻqituvchilarining xalqaro baholash dasturlari va modellari, asosiy jihatlari, baholanayotgan koʻnikma va kompetensiyalar, oʻquvchilar olgan bilimlarini amaliyotda qoʻllay olish, muammoni hal qilish, mantiqiy fikrlash, oʻqib tushunish, xulosalar chiqarish, gʻoyalarni umumlashtirish, talqin va tahlil qilish, bir soʻz bilan aytganda XXI asr oʻquvchilaridan talab etiladigan koʻnikmalarni baholash va rivojlantirish omillari haqida tasavvurlarga ega boʻlishlarini taʼminlashga qaratilgan.
Shuningdek, ushbu qoʻllanmalar yurtimizda kompetensiyaga asoslangan milliy baholash tizimini yaratish, oʻquvchilarni fikrlashga oʻrgatadigan metodikalarni joriy etish hamda qoʻshimcha oʻquv va metodik adabiyotlarni yaratishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.