Ingliz tili va Informatika darsliklari
Yangi oʻquv yilidan umumtaʼlim maktablariga xorijiy nashriyot darsliklari joriy etiladi
2022-2023 -oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablariga jami 45 nomdagi Kembrij nashriyoting Ingliz tili va Informatika darsliklari joriy etiladi.
Xalq taʼlimi vazirligi Amerika Qoʻshma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “Oʻzbekiston Barkamollik uchun Taʼlim dasturi” loyihasi doirasida Kembrij nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan 1-11-sinf Ingliz tili hamda 5-11 -sinfgacha Informatika va axborot texnologiyalari fanlari darsliklari mahalliylashtirilib oʻzbek tiliga tarjima qilindi.
Buning natijasida Oʻzbekistonda 6,5 million nafardan ziyod oʻquvchilar yuqori sifatli darsliklardan, oʻn minglab oʻqituvchilar esa yuqori sifatli qoʻllanmalardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.
Jami 385 ming dona Kembrij nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan 10 mln AQSH dollari qiymatidagi ushbu oʻquv-metodik majmualar darslik, mashq daftari va oʻqituvchilar uchun qoʻllanmalardan iborat.
Ingliz tili fani boʻyicha Kembrij nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan “Guess what” darsligi 1-6-sinflarga va “Prepare” nomli darsliklari 7-11-sinfariga hamda Informatika va axborot texnologiyalari boʻyicha darsligi 5-11-sinflar umumiy oʻrta taʼlim maktablariga keyingi oʻquv yilidan boshlab joriy qilindi.
Ayni damda darsliklar Sirdaryo va Namangan viloyatlarida, jami 208 maktabda tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda.
“Oʻqituvchilar uchun ushbu yuqori sifatli qoʻllanmalar va darsliklar Oʻzbekistonning taʼlim tizimiga bilimli va iqtidorli hamda hayotda muvaffaqiyatga erishishga imkon beruvchi tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan bitiruvchilarni yetishtirishga yordam beradi, – deydi Xalq taʼlimi vazirligining Respublika taʼlim markazi direktori Shuhrat Sattorov. – Biz USAID bilan ushbu pilot dastur doirasida hamkorlik qilishdan xursandmiz. Mazkur dastur mamlakat boʻylab oʻquv-metodik majmualarni tarqatishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida yuqori sifatli materiallarning taʼlim jarayoniga taʼsirini baholash imkonini beradi”.