Innovasion yondashuvlar va zamonaviy texnologiyalar
Innovasion yondashuvlar va zamonaviy texnologiyalar
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 29-oktyabrdagi «Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF-5847-sonli, 2019-yil 29-oktyabrdagi «Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida, mamlakatimizda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida, shu bilan birga ilm-fan, ta’lim, ishlab chiqarish va amaliyotning uzviy bog‘liqligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-martdagi 101-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan “2022-yilda Respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejasi” muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida 2022-yil 28-sentyabr kuni “Hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlashda innovasion yondashuv, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar” mavzusida IV Respublika yosh olimlar ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, Oliy ta’lim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi va Vazirlik huzuridagi Yoshlar Akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika yosh olimlar kengashi faollari, X.Sulaymonova nomidagi sud espertiza markazi mas’ullari, Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Chirchiq Oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti yosh olimlari, «UzKIP» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariyati (ALFAMOTORS) va boshqa nodavlat tashkilotlar, mustaqil izlanuvchilar, professor-o‘qituvchilar va kursantlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar va talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Anjumandan asosiy ko‘zlangan maqsad – Prezidentimizning Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitidagi nutqida global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi, xavfli yuqimli kasalliklar tarqalishi hamda turli xavf-xatarlar paydo bo‘layotganligi, shuningdek, ushbu muammolarning yechimiga oid masalalar va belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, amaliy hamkorlikda innovasion g‘oyalar va ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
Anjumanni Akademiya boshlig‘i, general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda innovasion rivojlantirish strategiyasi izchil amalga oshirilayotganligini, oliy ta’lim muassasalarida innovasion va texnologik g‘oyalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, yosh olimlarning innovasion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotganligini, bugungi yoshlarni yangicha fikrlash, yangi g‘oyalar ustida ishlash va xalqaro tajribalar asosida yaratilayotgan ixtirolarini amaliyotga keng tatbiq etish yo‘lida olib borilayotgan izlanishlarni alohida ta’kidladi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining «Xalqimiz dunyoqarashida innovasiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovasiya bo‘lmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish bo‘lmaydi. Bu sohadagi o‘zgarishlarni xalqimizga keng targ‘ib qilmasak, odamlarda ko‘nikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo‘lolmaymiz» deya bildirgan so‘zlari e’tirof etildi. Anjumanda so‘zga chiqqanlar tomonidan, mamlakatimizda hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlash masalasi kompleks xarakterga ega bo‘lib, uni yuqori darajada mustahkamlash, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bir qatorda, yoshlarimizning har bir a’zosidan innovasion yondashuvni, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar yaratishni taqozo etayotgani, yuqori texnologiyalarga ega bo‘lgan rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasidan kelib chiqib, innovasiyalar va innovasion faoliyatni takomillashtirish, hamda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari sohasida hamkorlikni kengaytirish, hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlash tizimiga ixtirolar va ilmiy ishlanmalar, yutuqlarni samarali tatbiq etish masalalari hamda ilmiy-texnik salohiyat va imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish joizligi xususidagi keng mulohazali fikrlar qayd etildi. Anjumanning amaliy qismida ixtirochilar, yosh olimlar va tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan ixtirolarning namoyishi o‘tkazildi. Shuningdek Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar va Mudofaa vazirligi hamda tegishli vazirliklarning zamonaviy texnikalari va maxsus-avariya qutqaruv mashinalari, asbob-anjomlari va vositalari bilan tanishtirish hamda badiiy va maxsus adabiyotlar yarmarkasi tashkil etildi. Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, to‘rtinchi marotaba o‘tkazilayotgan mana shunday ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va nuqtai nazarlar, yoshlarni ilmiy innovasion ishlarga yanada qiziqtirish va turli tajribalarni umumlashtirish hamda shu asosda takliflar ishlab chiqish imkonini beradi. Anjuman yakunida tashkilotchilar tomonidan “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi ilmiy ishlanma”, “Eng yaxshi innovasion g‘oya” kabi nominasiyalar bo‘yicha g‘oliblarga tegishli sertifikatlar va tashakkurnomalar tantanali topshirildi.
Farhodjon XOJAYeV,
O‘zbekiston Respublikasi
Favulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi katta o‘qituvchisi, mayor.