Ishchi guruhlar Toshkent shahri maktablari faoliyatini oʻrganishni boshladi
Ishchi guruhlar Toshkent shahri maktablari faoliyatini oʻrganishni boshladi
Davlatimiz rahbarining shu yili 5-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlariga muvofiq, Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi ishchi guruhi Yunusobod tumanidagi maktablar faoliyatini oʻrganishni boshladi.
Xususan, taʼlim darajasi yuqori, pedagoglarning kasbiy mahorati yetarli boʻlmagan tumandagi 58- va 117-sonli maktablarda boʻlib, mavjud muammolar oʻrganildi. Dars jarayonlarida qatnashib, oʻquvchilarning turli fanlardan bilimi va oʻzlashtirish holati savol-javoblar orqali tahlil qilindi, fan oʻqituvchilariga bolalarga chuqurroq bilim berish zarurligi, oʻz fani boʻyicha kasbiy mahoratini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Maktabda maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida alohida koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, bu yil mukammal taʼmirlangan 53-sonli maktabda boʻlib, ota-onalar bilan suhbatlashildi. Maktab rahbariga zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan maktabda asosiy eʼtiborni oʻqituvchilar yangi metodikalar asosida oʻqishlari, xorijiy ilgʻor tajribalarni oʻrganishlari, biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda pedagoglarning kasbiy mahoratlarini oshirishlari yuzasidan koʻrsatma berildi.
Tumandagi 87-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun moʻljallangan maktabda boʻlib, oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi, bunday bolalarga har qachongidan koʻproq eʼtibor va mehr qaratish, ularni bilim olish bilan birga kasb-hunarga oʻrgatish zarurligi taʼkidlandi.
Navbatlilik koeffitsiyenti yuqori boʻlgan 260- va 86-sonli maktabda boʻlib, oʻquvchilar va pedagoglar bilan suhbatlashildi, ularga Davlatimiz rahbari boshchligida oʻtkazilgan selektordan kelib chiqib, mamlakatimiz kelajagi uchun maktab va pedagoglar masʼul ekanligi, direktorlarga talablardan kuchaytirilishi haqida koʻrsatmalar berildi va ularning taʼlim sifati va oʻqitish metodikasini yaxshilash yuzasidan takliflari tinglandi.
260-sonli maktabda 960 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binosi qurish choralari koʻriladigan boʻldi.
Yunusobod tumani maktablarini oʻrganish yakunlari boʻyicha har bir maktab kesimida taʼlim mazmunini yaxshilash yangi metodikalar asosida oʻqitish va oʻquvchilarga sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan yoʻl xaritasi ishlab chiqiladi.