Jadidlar tarixini o‘rganamiz
23-avgust kuni Toshkent viloyati “Turon”axborot-kutubxona markazida yangi kitobxonlik klubining ta'sis etilishi marosimida “Jadidlar tarixini o‘rganamiz” deb nomlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur kitobxonlik klubi Toshkent shahar Olmazor tumani 46-maktab faol o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan hamkorlikda o‘z faoliyatini boshladi.
Kitoblarga chinakam mehr qo‘ygandagina inson aql-zakovati charxlanib, o‘z samarasini beradi, albatta. Ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Jahon ahli shijoatnikidur” deganida aynan millat yoshlarini mutolaaga bo‘lgan qiziqishlarini nazarda tutgandek tuyuladi. Chunki ilm olishga intilgan shaxslargina ertangi kunga ishonch bilan qarydi. Shuning bilan birga atrofidagi u bilan birga umrguzaronlik qilayotgan zamondoshini kelajakka ham olg‘a intilishga ilhomlantiradi.
– Ushbu kitobxonlik klubining faoliyati asosan jadid bobolarimiz hayoti va faoliyati tarixini o‘rganishga qaratilgan, – deydi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi Davron Rajab. – Biz farzandlarimizga ma'rifatparvar ajdodlarmizning badiiy va ilmiy asarlari bilan tanishishni maktab yoshidan boshlasak, albatta ularning orzularini amalga oshirib, yoshlarimizni kelajakka umid bilan qarashlarini shakllantiramiz.
– Kitobxonlik klubining “Turon”axborot-kutubxona markazi va Abdulla Qodiriy memorial muzeyi bilan hamkorligi ishimizning uzviy davomidir – deydi memorial muzeyi ilmiy xodimi Nargiza Tadjieva. – Chunki bu ma'rifat maskanida biz ko‘plab jadid ma'rifatparvarlarmiz hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlarimizning seminar va davra suhbatlarini o‘tkazib turamiz. Yosh kitobxonlarimizga esa bu ayni muddao bo‘lib, ilmlarini oshirishga xizmat qilib, jadidlr tarixi bilan bog‘liq savollariga javob topishlari mumkin.
Shu kuni kitobxonlik klubining onlayn telegram guruhi ham o‘z faoliyatini boshladi.
Dilnoza Xotamova,
Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor muovini