Jahon banki eksperti SamVMIda
Jahon banki eksperti SamVMIda
SamVMI Axborot xizmati xabar berishicha, a yni kunda mamlakatimizda Jahon Banki ekspertlari mehmon bo‘lib turibdi. Joriy yilning 22-noyabrida boshlangan mazkur missiya qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha Bank moliyaviy ko‘magi bilan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish, mamlakat iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlar, resurslardan foydalanish holatini o‘rganish va tahlil qilish bilan birgalikda, yangi startap loyihalar uchun imkoniyat va g‘oyalarni birgalikda joriy etishni maqsad qilgan. Jahon Bankining qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha Bosh iqtisodchisi, loyiha rahbari Teklu Tesfaye boshchiligidagi missiya bugun Samarqand Veterinariya meditsinasi institutiga tashrif buyurdi va institut rektori, professor Xudaynazar Yunusov va boshqa mutasaddilar, shuningdek, professor- o‘qituvchilar bilan muloqotda bo‘ldi. Horijlik mutaxassisga Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari hamrohlik qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Jahon banki O‘zbekiston bilan iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini isloh qilish jarayonida yaqin va samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Mazkur tashrif davomida xalqaro ekspert mamlakatimizning turli hududlarida, jumladan vodiy viloyatlari va Qashqadaryo vohasida olib borilayotgan ishlar, loyiha doirasida tashkil etilgan fermer ho‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishgan va yurtimizdagi makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ijobiy baholagan. Ekspert Jahon Bankining Veterinariya sohasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida kelgusi – 2022-yildan amaliyotga joriy etilishi kutilayotgan yangi loyihasi xususida gapirib berdi. Loyiha maqsadi va yo‘nalishlari haqida to‘htalib, qiymati 50 million dollarni tashkil etadigan bu ish OTMlari uchun juda samarali bo‘lishini ta’kidladi.
Mazkur loyiha davlat ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI) va oliy ta’lim muassasalariga (OTM) xalqaro darajadagi tadqiqotlarni olib borishga ko‘mak beradi. Shuningdek, ularning ish natijalarini tijoratlashtirishga imkon yaratadi. ITI va OTM ilmiy xodimlari ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari, jumladan, xalqaro tadqiqotchilar va xususiy sektor ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtiradigan grantlar dasturlaridir. Shuningdek, uchrashuv davomida ta’lim maskani mutasaddilari tomonidan SamVMI qoshidagi o‘quv tajriba xo‘jaligi tarkibida qoramolchilikka ixtisoslashgan fermer ho‘jaligini tashkil etish va ikkinchi loyiha — embrion ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi. Hisob kitoblarga ko‘ra, mazkur loyihalar uchun umumiy qiymatda 14 milliard so‘m talab etiladi.
Muloqot davomida asli mutaxassisligi iqtisodchi bo‘lgan Teklu Tesfaye iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha SamVMI Talabalari uchun onlayn ma’ruza darslarini o‘tishga tayyor ekanini va shuningdek, institutda tashkil etiladigan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etishga taklif bildirilsa, hursand bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi. Missiya mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.