Kitobdan yaxshi doʻst boʻlmas
Mamlakatimizda oʻgʻil- qizlarni kitobga oshno qilish, ertamiz egalarini vatanparvarlik va milliy qadriyatlar ruxida tarbiyalashga qaratilgan keng koʻlamli chora- tadbirlar bugun yangicha mazmun va koʻlam kasb etmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 13-sentyabrda qabul qilingan “Kitob maxsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora- tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori mutolaa madaniyati va kitob savdosini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusning toʻrtinchi qismida yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish va tashkil etish belgilangan. Albatta, bundan koʻzlangan asosiy maqsad- kitobning jamiyatimiz maʼnaviy- maʼrifiy hayotidagi oʻrnini mustaxkamlash, buyuk ajdodlarimizning yorqin xotirasini ,zamonamiz qaxramonlari timsolini xaqqoniy va xalqchil aks ettiruvchi adabiyotlar salmogʻini koʻpaytirish, mutolaa madaniyatini oshirishdan iborat. Samarqand viloyati bolalar kutubxonasi tomonidan umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish, yoshlarni kitobga va mutolaa kilishga boʻlgan mehrini oshirishga qaratilgan koʻplab tadbirlar oʻtkaziladi. Ziyo maskanida “Eng yaxshi kitobxon oʻquvchi” koʻrik –tanlovining viloyat bosqichi oʻtkazildi.
Unda tanlovning shahar, tuman bosqichida gʻolib boʻlgan 14 nafar oʻquvchilar toʻrt shart boʻyicha bellashdi. Ishtirokchilar oʻzlari talim-tarbiya olayotgan maktabi va maktab kutubxonasining faoliyati haqida malumot berish, yozuvchi va shoirlarning ijodi va faoliyati haqida, asarda ilgari surilgan gʻoyaning dolzarbligi, mazmun-mohiyati va yoshlar tarbiyasidagi oʻrni, gʻazallarni ifodali oʻqish boʻyicha oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdi.
— Tanlovda ishtirok etgan yoshlarda kitobga boʻlgan mexri va kitobxonlik madaniyati yuqori ekanligi namoyon boʻldi, -deydi kutubxona direktori Yusuf Muhammadiyev. — Bu kabi tadbirlar yosh avlodning kitobga qiziqishini oshirish, ularning mutolaa madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
— Kitob tafakkurni charxlaydi, odamni ezgulik sari yetaklaydi, — deydi hayat azosi Asqar Xoliqov. — Yoshlarnining kitobga va mutolaa qilishga boʻlgan mehrini oshirish, ularning yot gʻoyalarga chalgʻimasdan, komil inson boʻlib tarbiyalanishiga xizmat qiladi.
Mutolaa kishi manaviy olamini boyitadi, soʻzlashuv madaniyatini oshiradi, oq bilan qora, yaxshilik bilan yomonlikni farqlashga oʻrgatadi. Tadbir ishtirokchilarining har bir chiqishida yuqoridagi fikrlar bayon etildi. Tanlov yakuniga koʻra Bulungʻur tumanidagi 2 –umumtalim maktabi oʻquvchisi Shaxzoda Elbegiyeva gʻolib deb topildi. Ikkinchi oʻrinni Jomboy tumanidagi 18-umumtalim maktabi oʻquvchisi Diyora Axrorova, uchinchi oʻrinni Qoʻshrabot tumanidagi 26-umumtalim maktabi oʻquvchisi Mushtariy Isroilovalar qoʻlga kiritishdi. Gʻolib va sovrindorlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Orif Xoliqulov