Kitobxonlik makon tanlamaydi
Raqamli texnologiyalar rivoji insonning eng yaqin do‘sti bo‘lmish kitobdan biroz uzoqlashtirganday. Uyda, ko‘chada, ishda... xullas hamma joyda “yangi oshnamizni” silab-siypalaymiz-u, eski qadrdoning javondan mung‘ayib nigoh tashlashiga uncha e’tibor bermaymiz. Har narsaning yangisi, ammo do‘stning eskisi yaxshi, deb bobolar bejiz aytmagandir. Jamiyatdagi ko‘plab illatlarning kelib chiqishiga ham “eski oshnamizning tergamagani” sabab emasmikan? Afsuski, shunday.
Shukurki, so‘ngi yillarda kitobxonlik masalasiga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Bu kitob bilan bizning o‘rtamizdagi sovuqchilikni biroz ilitgandek. Ayniqsa “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila” kabi qator tanlovlar yoshlarning kitobga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmoqda. Kitobxonlik tanlovlari nafaqat shahar, balki chekka hududlarni ham qamrab olayotgani ancha quvontiradi.
Anashunday tanlovlardan biri Chiroqchi tumanidagi “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida ham bo‘lib o‘tdi. Unda hududdagi 9 ta maktabdan kitobxon o‘quvchilar ishtirok etdi. Musobaqada ular adiblarimiz hayoti va ijodi bo‘yicha savol-javob, asarlar mazmunini qisqacha bayon qilish, she’rlarni ifodaliy o‘qish bo‘yicha bellashdilar.
Tadbirning eng quvonarli jihati shundan iboratki, farzandi tarbiyasiga jiddiy qaraydigan, ularning kamoloti uchun har bir jarayonni muhim deb biladigan ota-onalar musobaqaning haqiqiy muxlislariga aylanishdi. Ota-ona uchun farzand kamolini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak, bolalar ko‘zidagi quvonch, samimiyat barcha tomoshabinlarga yuqdi.
Yakunda 1-o‘rinni kitobsevarligi bilan ko‘pchilik tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan 37-maktab o‘quvchisi Dilnavo Ro‘ziqulova qo‘lga kiritdi. 2-o‘ringa 37-maktab o‘quvchisi Nargiza Abdug‘aniyeva, 3-o‘ringa 161-maktab o‘quvchisi Hulkar Toshmurodova, 4-o‘ringa esa 38-maktab o‘quvchisi Mahliyo Nuriddinova loyiq ko‘rildi.
1-o‘rin sohibasiga “Ma’rifat” gazetasi tahririyatining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shodiyona XUSHMURODOVA