“MAGIC CITY”GA SAYOHAT
Yashnobod tumanidagi 230-umumtaʼlim maktabi o‘quvchilari bahorgi taʼtil kunlarida poytaxtimizning ko‘ngilochar maskanlariga borib, vaqtini ko‘ngilli o‘tkazmoqda. Biz – “Yosh qalamkash” to‘garagida shug‘ullanayotgan bir necha o‘quvchi yaqinda ustozimiz boshchiligida Magic cityga sayohat uyushtirdik.
Yaqin yillarda yevropacha uslubda bunyod etilgan bu dam olish maskaniga kirishimiz bilan diqqat-eʼtiborimizni ko‘m-ko‘k bo‘lib chayqalib turgan suv havzasi tortdi. Uning atrofiga o‘rnatilgan skameykalar o‘ziga xos dizayni bilan dam oluvchilarni o‘ziga chorlaydi. Bilasizmi, sokin va manzarali bu joyda kabutar to‘dalarining uchib yurishi ajib kayfiyat baxsh etadi odamga.
“Labirint” xonasiga kirib, o‘z aksimizning turlicha ko‘rinishidan zavqlandik. Ikki qavatli ko‘ngilochar zalga kirganimizda, bir-biridan antiqa attraktsionlarni ko‘rib, hayratga tushdik. Ikkinchi qavatga ko‘tarilishimiz bilan kompyuter o‘yinlari eʼtiborimizni tortdi. Biz bu imkoniyatlardan foydalanib, charchog‘imizni yozdik.
Chor-atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan bu maskanda dam oluvchilar ehtiyojiga mos barcha imkoniyatlar yaratilgan. Qorin ochsa, qahvaxona, oshxona xizmatingizda. Qisqasi, maktabgacha yoshdagi va maktab o‘quvchilari uchun bunyod etilgan Magic cityga uyushtirgan sayohatimiz esda qolarli bo‘ldi.
Gulsora RUSTАMOVА, Аvazbek ODILOV,
Аbdulloh RАHIMJONOV, Biloliddin RАHIMJONOV,
Yashnobod tumanidagi 230-maktab o‘quvchilari