MUALLIMNING DARDI ICHIDA…
MUALLIMNING DARDI ICHIDA…
Hamkasblari bilan tanaffus vaqtida hazil-huzul qilib o‘tirgan ona tili fani o‘qituvchisi Malika opaning qo‘ng‘iroq ovozini eshitishi bilan yuzidagi kulgi-tabassumdan asar ham qolmadi, xo‘rsinganicha o‘rnidan turdi. Uning bu holatini ko‘rgan o‘qituvchilar:
– Ha, Malika ustoz, darsingiz o‘sha mashhur 11-“B” sinfdami?! — deb kulishdi.
– Shunday, bu sinfga darsga kirsam butunlay maktabdan bezib ketaman, — dedi u jilmayib.
– Nimasini aytasiz, haligi maqol bor-u, o‘xshatmasdan uchratmas degan. Tavba, bular shu maqol asosida yig‘ilganmi deyman, birortasi darsga qiziqmaydi, qizlari ham o‘g‘il bolalaridan battar, — deya gapni ilib ketdi Nargiza ustoz. “Mayli sabr tilaymiz ustoz eson-omon dasrni o‘tib chiqing”, deya hammalari sinfxonalariga yo‘l olisФhdi.
Sinf xonasi oldiga kelib to‘xtagan Malika opa yurak hovuchlab ichkariga kirdi. O‘quvchilar istamaygina o‘rinlaridan turib salom berishgach, ustoz xonaga bir nazar tashlarkan ularning darsga xohish-ishtiyoqi yo‘qligini ko‘rib battar asabiylashdi. Lekin mavzuni o‘tishi kerak. “Xo‘sh, o‘quvchilar, uyga vazifa nima edi?”, deya ularga qaradi. Sinfdan biron sado chiqmagach “qani, Davronbek, sen ayt-chi, uyga qanday vazifa berilgandi?” – dedi. Davron ensasini qotirdi. – Bilmadim, ustoz, mening esimda yo‘q. Daftarimga yozmagandim, yozmagan narsam darrov esimdan chiqib qoladi, deyishi bilan sinfda gur etib kulgu ko‘tarildi. Ustozning jahli chiqib ketdi.
– “O‘chir hammang, nima senlarga dars o‘yinchoqmi?! Shu ketishingda ertaga kim bo‘lasan?”, – dedi yig‘lagudek bo‘lib.
O‘qituvchining bu gapidan so‘ng sinfning eng bezori o‘quvchisi Sultonali:
– E, ustoz, o‘qib kimam bo‘lardik?! Dadamda soqqa simidan bo‘lsa, lubo‘y universitetga kirishga qurbim yetadi, — dedi o‘tirgan joyida turib.
– To‘g‘ri, o‘qisak sizga o‘xshab ikki million so‘mga asabimizni buzib yuramizmi? — luqma tashladi Bahrom. — Masalan, menga o‘qishning zarracha qizig‘i yo‘q. Maktabni bitirib olsam, Rossiyaga ketaman. O‘shatta ishlab soqqani qilaman, o‘qib sizga o‘xshab qiynalib yuramanmi?
Bahromning ushbu gapi Malika opaga qattiq tegdi. Xuddi kimdir boshiga gurzi bilan urganday bo‘lib, ko‘zlari tinib ketdi. Boshqa gap gapirolmay xonadan yig‘lagancha chiqib ketdi.
Maqolamni shunday hikoya bilan boshlaganim bejiz emas. Afsuski, hozirgi kunda shahar maktablarida dars berayotgan ustozlarimizning deyarli ko‘pchiligi Malika ustozday ahvolda.
O‘qituvchi va o‘quvchi “do‘stligi”
O‘zim qishloq maktabida ishlayman. Bizda hali o‘qituvchiga hurmat-izzat yo‘qolib ketmagan. Lekin shahar maktablarida bunday emas. O‘tgan yili Qo‘qon shahridagi maktablar tekshiruviga borgan tumanimiz o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining aytishicha, o‘quvchilar tekshiruvga kelgan komissiya a’zolarini ham mensimay partaning ustiga oyoqlarini chiqarib o‘tirishganini ko‘rishgan. Bechora ustozlar ham inday olmagan.
Tabiiy savol tug‘iladi: bunga kim aybdor? Birinchi aytiladigan javob: “Albatta, o‘qituvchida”. Ular tarbiya bermagani uchun bolalar shunday yuzsiz bo‘lib ketmoqda, deyishadi. Hech kim farzandga javobgar bo‘lgan ota-ona-chi, mahalla-chi demaydi. Bechora o‘qituvchining boshida kaltak sinaveradi. O‘qituvchi bolaga qattiq gapirishi mumkin emas, urishi mutlaqo xato, o‘quvchiga do‘st bo‘lishi kerak, degan vajlarni aytaverib, ularni “yaqin do‘st” qilib qo‘yishdiki, o‘quvchi o‘qituvchiga o‘rtoqday murojaat qilmoqda.
Oxir-oqibat qayerga kelib qoldik?! Ta’lim, o‘qituvchining qadri, mavqeyi tushishiga sabab bo‘ldi. Bu bola ko‘chada kim bilandur mushtlashsa, o‘qituvchi aybdor, jinoyat sodir etsa, o‘qituvchi aybdor. Tarbiyani shular bergan deyiladi. Ota-onaning mas’uliyati ham o‘qituvchiga yuklab qo‘yildi. Lekin o‘quvchi ayb ish qilsa-yu, unga tanbeh bersa, ota-ona maktabga yugurib kelib o‘qituvchining yoqasiga yopishadi, kaltaklaydi. Kamiga bechora o‘qituvchilar kaltakni yeb yana kechirim ham so‘raydi. Qani haqiqat? Qani konstitutsiyaviy huquqimiz? Kim o‘qituvchini himoya qiladi? Sudmi yoki IIBmi?
“Otning kallasi”day oylik olyapti, deysizda…
Aytishingiz mumkin, o‘qituvchi “otning kallasi”day oylik olyapti, ishlasinda deb. Yaqinda internetda xorazmlik ustozlar 12 mln oylik olyapti, deb hamma bong urdi. Endi savol tug‘iladi, qaysi fan o‘qituvchilari shunday oylik olishi mumkin? Masalan, ingliz tili o‘qituvchisi C1 sertifikati olsa, 80 foiz ustamasi bor. Darsi 30 soat, sinf rahbarligi bor, toifasi oliy, xalq ta’limi a’lochisi bo‘lsa, yoki kimyo, biologiya, matematika ustozlarining o‘quvchisi xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lsa shunday miqdorda maosh olishi mumkin. Lekin tarix, huquq, tarbiya, shunga o‘xshash fan o‘qituvchilarida na C1 bor, na xalqaro olimpiada bor, na 30 soat darsi bor. Olimpiada bor-ku, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, bu fanlardan ham bor. Biroq, men 12 yillik pedagogik faoliyatim davomida olimpiadalarning halol o‘tganini ko‘rmadim.
Toifangiz oliy bo‘lsa ham, dars soati sizga zo‘rg‘a chiqib turgan bo‘lsa-da, universitetni bitirib kelgan yosh mutaxassis ishga majburan olinadi. Ha desangiz, xalq ta’lim bo‘limi mudiri yoki boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i deydi maktab rahbarlari ham. Biz ishongan deputatlarimiz 5 farzandli oilaga 2,5 mln so‘m yetadi deb jar solayotgan paytda, men qishloqda yashab turib 4 mln so‘mni oylikkacha zo‘rg‘a yetkazaman. U ham yetsa. Sababi, kredit to‘lovlarim bor. Kredit olmasam, uy jihozlarini oylik to‘plab ololmayman.
Afsuski, muammolarni yozaversam qog‘oz yetmaydi. Shuncha muammoning ichida turgan o‘qituvchidan yana qanday sifatli ta’limni talab qilyapsiz?
Maktabni tabaqalashtirmang…
Maktablar yashil, sariq, qizil deb tabaqalashtirildi. Tan olib aytaylik, hech qachon oddiy maktablardan 80–100 foiz natija kutib bo‘lmaydi. Boisi, hamma bola ham o‘qishga qiziqavermaydi.
Shu o‘rinda yana bir savol. Prezident ta’lim muassasalari agentligi qoshidagi maktablarni tamomlab chiqayotgan yoshlar nega OTMlarga imtihonsiz qabul qilinishi shart? Ularni tamomlayotgan bitiruvchilarning bilimi zo‘r ekan nega raqobatlashmasliklari kerak. Mantiq qayerda?! Ta’lim adolatli bo‘lishi shart. Fikrimcha, umumta’lim maktablarini tabaqalashtirish o‘qituvchilarning mehnatini yerga urishdir.
O‘qituvchining mavqeyini oshirish uchun, avvalo, uning huquqlarini himoya qilish kerak. O‘qituvchiga nohaq hurmatsizlik qilgan shaxslarga jazo joriy qilish zarur. Zamon talabiga javob bera oladigan bilimli ustozlarni qoldirib, oyliklarni oshirib qo‘yilsagina o‘qituvchi faqat maktabni o‘ylaydi. Bola tarbiyasiga, avvalo, ota-ona mas’ul bo‘lishi kerak. Agar shu kabi tizimli ishlar amalga oshirilsa, albatta, ta’limda yuksalish bo‘ladi.
Elyorjon MAHKAMOV,
Rishton tumanidagi
60-maktabning tarix fani o‘qituvchisi